Muzrabot tumanida “Yoshlar kuni” doirasida yosh tadbirkorlarning faoliyati o‘rganilib, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratilmoqda.
Tuman hokimi Abdulla Mamatqulov Yo‘lchi mahallasida yashovchi yosh tadbirkor Norboyev Bobomurod xonadonida bo‘lib, uning bedanachilik faoliyati bilan tanishdi. Ayni paytda tadbirkor xonadonida 1 500 dona bedana parvarishlanmoqda. Bu yerda bedana yetishtirish, tuxum olish va taxminan 50 kun ichida tayyor mahsulot olish yo‘lga qo‘yilgan.
Tadbirkor bilan suhbatda ishlab chiqarish hajmi, mahsulot realizatsiyasi va daromadlari muhokama qilinib, faoliyatni kengaytirish bo‘yicha takliflari tinglandi. Natijada unga qo‘shimcha yer maydoni ajratish va imtiyozli kredit imkoniyatlaridan foydalanish masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha mas’ullarga vazifalar belgilandi.
Endilikdagi maqsad — bedanachilikni kengaytirish, ishlab chiqarish va daromadni oshirish, shu bilan birga yangi ish o‘rinlari yaratish. Kecha xonadon sharoitidagi kichik faoliyat bo‘lgan tashabbus bugun kengayish bosqichiga chiqmoqda.

