2026–2027 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistonda magistratura ta’limi ikki yo‘nalishga ajratiladi. Ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan amaliy magistratura kamida bir yil, ilmiy-pedagogik magistratura esa kamida ikki yil davom etadi.
Amaliy magistraturani tamomlovchilar an’anaviy magistrlik dissertatsiyasi o‘rniga loyiha, startap, konstruktorlik loyihasi yoki boshqa amaliy ish tayyorlab, uni himoya qiladi.Ilmiy-pedagogik magistraturada esa magistrlik dissertatsiyasi tayyorlanadi. Dissertatsiya plagiatga tekshirilishi va “yashirin ekspert taqrizi”dan o‘tkazilishi belgilangan.
Shuningdek, Scopus va Web of Science bazalaridagi jurnallarda ilmiy maqola chop etgan magistrantlarni rag‘batlantirish nazarda tutilgan.
Yangi tartib Odil sudlov akademiyasi, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, Bank-moliya akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda ayrim boshqa maxsus ta’lim muassasalariga tatbiq etilmaydi.

