Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxiatosh tumani Surxondaryo viloyatiga biriktirilib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik ishlari olib borilmoqda.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Taxiatosh tumaniga tashrifi davomida ishlab chiqarish korxonalari, investitsiya loyihalari va mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rgandi.
Metall konstruksiyalar va nostandart jihozlar ishlab chiqarish zavodida ikkilamchi metallni qayta ishlash orqali armatura va metall profillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish taklifi ko‘rib chiqildi. Loyiha natijasida 130 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Surxondaryolik tadbirkorlar hamkorligida tashkil etilgan “Surxon Taxiatash Tekstil” MCHJ faoliyati bilan tanishildi. Qiymati 9,7 million dollarlik korxonada 200 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, joriy yil boshidan buyon Rossiyaga 600 ming dollarlik mahsulot eksport qilingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, avvalgi yillarda Surxondaryo tadbirkorlari ishtirokida Taxiatoshda 11 million dollarlik 8 ta loyiha ishga tushirilib, 345 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Tashrif davomida zamonaviy uy-joylar, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari, shuningdek, “Kreativ park”ni rivojlantirish loyihalari ham ko‘rib chiqildi. Yakunda mas’ullarga aniqlangan muammolarni bartaraf etish va belgilangan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq vazifalar topshirildi.

