Kambag‘allikni qisqartirishda umumiy choralar emas, har bir oilaning imkoniyati va ehtiyojini aniq bilish muhim. Shu bois Surxondaryoda xonadonbay ishlash, oilalarni mavjud muammolaridan kelib chiqib qo‘llab-quvvatlash va eng muhimi, ularni barqaror daromad manbayiga olib chiqishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 3-sentyabr kuni kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha vazifalar belgilangan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Muzrabot tumanining Obi hayot mahallasida bo‘lib, kambag‘allik reyestri va davlat ta’minotida turgan oilalar bilan ishlash holatini o‘rgandi.
Mahallada jami 73 ta oila kambag‘allik reyestri va davlat ta’minotida turibdi. Har bir xonadon bo‘yicha oilaning sharoiti, mehnat qilish imkoniyati, kasb va qiziqishlari, mavjud ko‘nikmalari hamda daromad manbayini yaratish imkoniyatlari alohida tahlil qilindi.

Bu jarayonda asosiy e’tibor oilaga bir martalik yordam ko‘rsatishdan ko‘ra, uning o‘z daromadini shakllantirish imkoniyatini yaratishga qaratildi. Ayrim xonadonlar uchun tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, boshqalari uchun imtiyozli kredit va subsidiya olish, zarur asbob-uskunalar bilan ta’minlash yoki bandligini ta’minlash imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Fuqarolarning taklif va murojaatlari ham tinglanib, har bir oila uchun aniq chora-tadbirlar belgilandi. Viloyat va tuman mas’ullari, mahalla yettiligi hamda tegishli tashkilotlar vakillariga belgilangan vazifalarni xonadonlar kesimida amalga oshirish, natijani muntazam nazorat qilib borish topshirildi.
Zero, kambag‘allikni qisqartirishning eng samarali yo‘li — oilaga tayyor yordam berish bilan cheklanib qolmasdan, uning imkoniyatini ishga solish, mehnati va tashabbusi orqali barqaror daromad topishiga sharoit yaratishdir. Obi hayot mahallasidagi xonadonbay yondashuv ham aynan shu maqsadga qaratilgan.

