Korrupsiyaga qarshi kurashish — nafaqat davlat organlari, balki har bir fuqaroning burchi va mas’uliyatidir
Korrupsiya jamiyat taraqqiyotiga to‘sqinlik qiladigan, qonun ustuvorligi va adolat tamoyillariga putur yetkazadigan jiddiy illatlardan biridir. U iqtisodiy zarar keltirish bilan birga, davlat va fuqaro o‘rtasidagi ishonchga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, halol mehnat, qonuniylik va tenglik kabi qadriyatlarning zaiflashishiga olib keladi.
Shu bois korrupsiyaga qarshi kurashishni faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar yoki muayyan davlat tashkilotlarining vazifasi sifatida emas, balki butun jamiyatning umumiy maqsadi, har bir fuqaroning fuqarolik mas’uliyati sifatida anglash muhim.
QONUN USTUVORLIGI — KORRUPSIYAGA QARSHI SAMARALI VOSITA
O‘zbekistonda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida izchil huquqiy baza shakllantirilgan. 2017-yil 3-yanvarda «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinib, mazkur sohadagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishning muhim asosi yaratildi.
Mazkur qonun korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplarini, davlat organlari va tashkilotlarining vazifalarini, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari va jamoatchilik ishtirokining muhim yo‘nalishlarini belgilab berdi.
2020-yil 29-iyunda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining tashkil etilgani esa korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini tizimli ravishda amalga oshirishda muhim qadam bo‘ldi. Bugungi kunda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash, ularning oldini olish, davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik hamda shaffoflikni ta’minlash, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, davlat tashkilotlarida ichki nazorat mexanizmlarining joriy etilishi, xizmat jarayonlarini tahlil qilish, korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilgan profilaktik choralarni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH — FAQAT JAZOLASH EMAS
Korrupsiyaga qarshi kurashish deganda faqat huquqbuzarlik sodir etilgandan keyin jazo qo‘llashni tushunish to‘g‘ri emas. Eng avvalo, korrupsiyaga olib kelishi mumkin bo‘lgan sabab va shart-sharoitlarni oldindan aniqlash hamda bartaraf etish zarur.
Buning uchun tashkilotlarda ish jarayonlarini muntazam tahlil qilish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni kamaytirish, qaror qabul qilish jarayonlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, xodimlarning huquqiy va axloqiy madaniyatini yuksaltirish muhim.
Chunki korrupsiyaga zamin yaratadigan omillar qatorida qonun talablariga befarqlik, shaxsiy manfaatni jamoat manfaatidan ustun qo‘yish, mas’uliyatsizlik va nazoratning yetarli darajada emasligi kabi holatlar ham mavjud.
Shuning uchun korrupsiyaga qarshi kurashishda jazoning muqarrarligini ta’minlash bilan bir qatorda, jamiyatda halollik va poklik muhitini shakllantirish ham ustuvor vazifalardan biri bo‘lishi kerak.
YER TUZISH SOHASIDA QONUNIYLIK VA SHAFFOFLIK
Yer tuzish sohasi yer resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni tashkil etish, yer munosabatlarini tartibga solish hamda yerlarni muhofaza qilishga qaratilgan muhim yo‘nalishlardan biridir. Mazkur sohaning iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi va aholining yerga bo‘lgan huquqlarini ta’minlashdagi o‘rni beqiyos.
Shu sababli yer munosabatlariga oid xizmatlarni qonuniy, ochiq va shaffof tashkil etish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish muhim ahamiyatga ega.
Har bir fuqaro o‘zining qonuniy huquq va manfaatlari davlat tomonidan ishonchli himoya qilinayotganini his qilishi lozim. Davlat xizmatchisi esa fuqaroga xizmat ko‘rsatish jarayonida shaxsiy munosabat yoki manfaatdan emas, avvalo, qonun talablaridan kelib chiqishi shart.
Fuqaroning qonuniy talabini hal qilish evaziga pora yoki boshqa manfaat talab qilinishi nafaqat qonunbuzilishi, balki davlat xizmatiga bo‘lgan ishonchga jiddiy putur yetkazadi.
Shu nuqtayi nazardan, har bir xodim o‘z xizmat vazifalarini bajarishda:
— qonun talablariga qat’iy rioya qilishi;
— fuqarolar bilan xolis va adolatli munosabatda bo‘lishi;
— shaxsiy manfaatni xizmat manfaatidan ustun qo‘ymasligi;
— manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymasligi;
— xizmat vakolatlaridan shaxsiy maqsadlarda foydalanmasligi;
— korrupsiyaviy holatlarga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishi lozim.
Bu talablar shunchaki xizmat vazifasi emas, balki har bir davlat xizmatchisining kasbiy odobi va insoniy mas’uliyatidir.
HALOLLIK — TARAQQIYOTNING MUHIM OMILI
Korrupsiyaga qarshi kurashishda eng muhim masala faqat qonundan qo‘rqish emas, balki qonunga hurmat bilan yashash madaniyatini shakllantirishdir.
Yosh avlodga halol mehnat bilan maqsadga erishish, o‘zgalarning haqiga xiyonat qilmaslik, qonun-qoidalarga rioya qilish, mansab va vakolatdan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanmaslik kabi qadriyatlarni singdirish korrupsiyaning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zero, korrupsiyaga qarshi kurashish faqat kabinetlar, yig‘ilishlar yoki rasmiy hujjatlar doirasida qolib ketmasligi kerak. Bu, avvalo, har bir insonning kundalik hayotidagi tanlovi va munosabatidan boshlanadi.
«Men pora bermayman», «Men pora olmayman», «Men qonunni chetlab o‘tmayman», «Men korrupsiya holatiga befarq bo‘lmayman» degan qat’iy fuqarolik pozitsiyasi jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.
JAMOATCHILIK NAZORATI — MUHIM OMIL
Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, blogerlar hamda faol fuqarolarning ishtiroki muhim ahamiyatga ega.
Ochiqlik va jamoatchilik nazorati davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida mas’uliyatni oshirish, mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash hamda ularga qonuniy yechim topish imkonini beradi.
Shuning uchun har bir fuqaro korrupsiyaviy holatga duch kelganda befarq bo‘lmasligi, o‘z huquqlarini bilishi va qonun doirasida tegishli vakolatli organlarga murojaat qilishi zarur.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat organlari, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarining o‘zaro hamkorligi ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
HALOLLIKDAN BOSHLANGAN YO‘L — ADOLAT SARI YETAKLAYDI
Adolatli jamiyatni bir kunda barpo etib bo‘lmaydi. Buning uchun har bir inson, har bir tashkilot va har bir davlat xizmatchisi o‘z vazifasiga halol, vijdonan va mas’uliyat bilan yondashishi lozim.
Korrupsiyaga qarshi kurashish — faqat huquqbuzarlik sodir etgan shaxsni jazolash emas. Bu, avvalo, halollikni qadriyatga, qonuniylikni hayot tarziga, adolatni esa jamiyat hayotining muhim mezoniga aylantirish demakdir.
Agar har birimiz o‘z ish joyimizda qonunga amal qilsak, vazifamizni vijdonan bajarsak, pora va tanish-bilishchilik kabi illatlarga murosasiz munosabatda bo‘lsak, korrupsiya uchun sharoitlar tobora kamayadi.
Zero, korrupsiyaning oldini olishda davlat organlarining sa’y-harakatlari bilan bir qatorda, jamiyatning faol ishtiroki ham muhim. Har bir insonning halolligi, qonunga hurmati va fuqarolik mas’uliyati umumiy muhitga ta’sir ko‘rsatadi.
Halollik bor joyda — ishonch mustahkamlanadi.
Ishonch bor joyda — qonuniylik qaror topadi.
Qonuniylik qaror topgan joyda — jamiyat taraqqiy etadi.
Elmurоd Rajabov,
«O‘zdavyerloyiha» DILI
«Survilyerloyiha» bo‘linmasi direktori.

