Xitoyning Sian arxitektura va texnologiya universitetida Xitoy, O‘zbekiston va Rossiya oliy ta’lim muassasalari olimlari ishtirokida xalqaro akademik almashinuv seminari o‘tkazildi.
Unda Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti rektori, professor Rasul To‘rayev boshchiligidagi delegatsiya hamda Termiz davlat pedagogika instituti prorektori, professor Shahnoza Quldasheva qatnashdi.
Professor Shahnoza Quldasheva “Surxondaryo viloyati va Hayraton — Mozori Sharif transchegaraviy hududida qumli bo‘ronlar xavfining oldini olish va unga qarshi kurashish” mavzusida ma’ruza qildi. Unda chang-to‘zon, qumli bo‘ronlar va “afg‘on shamoli”ning yuzaga kelish omillari, ularning atrof-muhit hamda aholi salomatligiga ta’siri tahlil qilindi.
Xususan, Hayraton — Mozori Sharif yo‘nalishidagi 150 ming gektar qumli hududning ekologik holati o‘rganilgani, “afg‘on shamoli” bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar hamda xalqaro tajriba asosida ishlab chiqilgan patentlangan “Havo tozalagich” qurilmasi va sorbentlarining ilmiy-amaliy ahamiyati ta’kidlandi.
Seminar doirasida Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti Ipak yo‘li arxitektura va texnologiya universitetlari xalqaro alyansiga rasman a’zo bo‘ldi.
Shuningdek, “yashil qurilish”, kam uglerodli materiallar, quyosh energetikasi va suv tejovchi texnologiyalar bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar, akademik almashinuv, stajirovka hamda grant loyihalarini rivojlantirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Muhokamalar yakunida transchegaraviy chang-to‘zonlar, sanoat changi va havo oqimlarini o‘rganishga qaratilgan qo‘shma ilmiy-tadqiqot va amaliy loyihalarni amalga oshirish belgilandi.

