Davlat boshqaruvida kadrlar salohiyatini oshirish va zamonaviy inson resurslarini boshqarish tizimini rivojlantirishga qaratilgan xalqaro hamkorlik doirasida O‘zbekiston davlat xizmatchilari Janubiy Koreyada malaka oshirmoqda.
Seul shahrida Prezident huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi hamda KOICA hamkorligidagi dastur doirasida qisqa muddatli o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi. Unda vazirliklar, Namangan va Surxondaryo viloyati hokimliklarining mas’ul xodimlari ishtirok etmoqda.
Jumladan, Surxondaryo viloyati hokimligi Tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari Faxriddin Mengliyev ham dasturda qatnashib, davlat xizmatida zamonaviy HR boshqaruvi bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganmoqda.
Koreya davlat boshqaruvi instituti tomonidan o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlarda kadrlar salohiyatini baholash, lavozimlarni tahlil qilish va xodimlarning professional rivojlanishini ta’minlash masalalariga e’tibor qaratilmoqda.
Mazkur tajribaning o‘rganilishi davlat xizmatida munosib kadrlarni tanlash, ularning salohiyatidan samarali foydalanish va boshqaruv natijadorligini oshirishga xizmat qiladi.

