Mol-mulk hisobidan so‘nggi chora?

Date:

Agar soliq to‘lovchining bank hisobvaraqlaridagi mablag‘lari soliq qarzini qoplash uchun yetarli bo‘lmasa yoki qarzni hisobvaraqlardan undirishning imkoni bo‘lmasa, soliq organi qarzdorlikni boshqa mol-mulk hisobidan undirish huquqiga ega.
Biroq bu istalgan mol-mulkka yoki ixtiyoriy tartibda undiruv qaratilishi mumkinligini anglatmaydi. Qonunchilik mol-mulkka undiruv qaratishning aniq ketma-ketligini belgilagan.
Soliq kodeksining 123-moddasiga ko‘ra, mazkur tartib faqat yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Qonunchilikka ko‘ra, soliq organlari mol-mulkka undiruvni qat’iy belgilangan ketma-ketlik asosida amalga oshiradi va ushbu tartibni buzishga haqli emas. Avvalo, bank hisobvaraqlaridan undiruv qaratilmagan naqd pul mablag‘lariga undiruv qaratiladi. Shundan so‘ng ishlab chiqarishda bevosita foydalanilmaydigan mol-mulklar hisobidan qarzdorlik undiriladi. Bular jumlasiga qimmatli qog‘ozlar, valyuta qimmatliklari, ishlab chiqarishga mo‘ljallanmagan binolar, yengil avtotransport vositalari hamda xizmat xonalarining dizayn buyumlari kiradi.
Keyingi bosqichda tayyor mahsulotlar, tovarlar va ishlab chiqarishda foydalanilmaydigan boshqa moddiy boyliklarga undiruv qaratiladi. Agar shundan keyin ham qarzdorlik qoplanmasa, ishlab chiqarishda bevosita foydalanish uchun mo‘ljallangan xomashyo, materiallar, dastgohlar, uskunalar, binolar, inshootlar va boshqa asosiy vositalar hisobidan undiruv amalga oshiriladi.
Shuningdek, boshqa shaxslarga foydalanish yoki egalik qilish uchun berilgan, biroq mulk huquqi o‘tmagan mol-mulk ham undiruv obyekti bo‘lishi mumkin. Buning uchun tegishli shartnoma bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilgan bo‘lishi lozim. So‘nggi navbatda boshqa mol-mulkka undiruv qaratiladi. Bunda yakka tartibdagi tadbirkor hamda uning oila a’zolarining kundalik shaxsiy foydalanishi uchun mo‘ljallangan ayrim mol-mulklar qonunchilikka muvofiq undiruvdan mustasno etiladi.
Misol uchun, korxonaning bank hisobvarag‘idagi mablag‘ soliq qarzini qoplashga yetmasa, soliq organi darhol ishlab chiqarish uskunalarini realizatsiya qilishga haqli emas. Avvalo qonunchilikda belgilangan ketma-ketlikdagi boshqa mol-mulk hisobidan undiruv amalga oshirilishi lozim.
Umumiy qoidaga ko‘ra, soliq qarzini mol-mulk hisobidan undirish sud tartibida amalga oshiriladi. Biroq soliq to‘lovchi qarzdorlikni tan olsa, undiruv soliq organi rahbari yoki uning o‘rinbosari qarori asosida ham amalga oshirilishi mumkin. Soliq organi tegishli qaror qabul qilganidan so‘ng uni uch ish kuni ichida ijro etish uchun Majburiy ijro byurosiga yuboradi. Davlat ijrochisi esa qaror kelib tushgan kundan boshlab ikki oy ichida ijro harakatlarini amalga oshirishi va unda ko‘rsatilgan talablarni bajarishi shart.
Soliq qarzini mol-mulk hisobidan undirish qarzdorlikni qoplashning so‘nggi choralaridan biri hisoblanadi. Shu sababli qonunchilik mol-mulkka undiruv qaratishning qat’iy ketma-ketligini belgilagan va soliq organlari ushbu tartibga so‘zsiz rioya etishi shart. Shuningdek, qonunda nazarda tutilgan ayrim istisnolar bundan mustasno, bunday undiruv, odatda, sud tartibida amalga oshiriladi. Mazkur tartib tadbirkorlarning mulkiy huquqlarini himoya qilish hamda davlatning soliq undirish vakolatlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashga xizmat qiladi.
Bahodir Ashurov,
viloyat adliya
boshqarmasi Intellektual
mulk huquqlarini himoya
qilish sho‘basi
boshlig‘i

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Adib merosi qalblarga maʼnaviyat ulashdi

Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz garnizonida joylashgan harbiy...

Harbiylar o‘rtasida kibersport musobaqasiga start berildi

Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz, Kakaydi va Xayrabod...

Og‘ir toifadan namunali hududga…

Muzrabot tumanidagi “Do‘stlik” mahallasida esayotgan o‘zgarishlar epkini hayot sifatini...

“Adolat” islohotlarga kamarbasta

Ezgu g‘oyalar bilan nishonlanayotgan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining35 yilligi...
KunTun
KunTun