Kitob azaldan inson tafakkurini yuksaltiruvchi, ma’naviy kamolot sari yetaklovchi bebaho boylik hisoblanadi. Shu bois bugungi kunda mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, kutubxona tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish hamda yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ana shunday ezgu maqsadlar yo‘lida Uzun tumani Axborot-kutubxona markazida “Kitobxonlik — jamiyat taraqqiyotining ma’naviy poydevori” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Unda Adib Sobir Termiziy nomidagi Surxondaryo viloyati Axborot-kutubxona markazi direktori Ma’ruf Abdshukurov, tuman axborot-kutubxona markazlari rahbarlari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi. Seminar davomida uslubiy ishlarni takomillashtirish, axborot-bibliografiya xizmatini rivojlantirish, kitobxonlarga zamonaviy xizmat ko‘rsatish hamda ish tajribalarini ommalashtirish bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazildi.
Tadbir ishtirokchilarga nazariy bilimlarini amaliy tajriba bilan boyitish, o‘zaro fikr va tajriba almashish, kutubxona faoliyatiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish borasida foydali tavsiyalar berdi.
Bunday seminar-treninglar kutubxona xodimlarining kasbiy mahoratini oshirish, kitobxonlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash hamda jamiyatda kitobxonlik madaniyatini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
N.Jo‘rayeva,
Uzun tuman Axborot-kutubxona markazi mutaxassisi

