Respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Shijoat va g‘ayrat” harbiy-sport musobaqalarining navbatdagi viloyat bosqichi Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz garnizonida joylashgan harbiy qismda bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada Janubiy operativ qo‘mondonlik, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Surxondaryo viloyati boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi vakillari, keng jamoatchilik hamda 150 nafardan ortiq mahalla yoshlari ishtirok etdi.
Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, jismoniy va ma’naviy salohiyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tdilar. Shuningdek, musobaqaning maqsad va vazifalari hamda shartlari ishtirokchilarga yana bir bor tushuntirildi.
Shundan so‘ng musobaqaga rasman start berildi.
18–22 yoshli o‘g‘il-qizlar 6 ta shart bo‘yicha bellashdilar. Jumladan, turnikda tortilish va orqa bilan yotgan holatdan tanani ko‘tarish, o‘quv qo‘l granatasini uzoqlikka uloqtirish, uzoq va yaqin masofalarga yugurish, AK-74 avtomatini noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish hamda pnevmatik quroldan o‘q uzish kabi sinovlarda ishtirok etdilar.
Qiziqarli va murosasiz kechgan bahslar davomida yoshlar o‘zlarining harbiy tayyorgarligi, jismoniy imkoniyatlari, chaqqonligi va aniqligini namoyon etdilar. Musobaqa kuch, tezlik, matonat va harbiy ko‘nikmalarni sinovdan o‘tkazgan haqiqiy bellashuvga aylandi.
Yakunlarga ko‘ra, Termiz shahrining “Eski shahar” mahallasi jamoasi uchinchi, Bandixon tumanining “Zewar” mahallasi jamoasi ikkinchi o‘rinni egalladi.
Sariosiyo tumanining “Nurbuloq” mahallasi yoshlari esa barcha shartlar bo‘yicha eng yuqori natijani qayd etib, mutlaq g‘olib sifatida keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindorlar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Ta’kidlash joizki, “Shijoat va g‘ayrat” musobaqasining respublika final bosqichida yuqori natijalarga erishgan ishtirokchilarga harbiy va harbiylashtirilgan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar beriladi. Shuningdek, finalda birinchi o‘rinni egallagan jamoa mahallasiga namunaviy universal sport maydonchasi, ikkinchi o‘rin sohibi mahallasiga strit-vorkaut maydonchasi, uchinchi o‘rin sohibiga esa vorkaut maydonchasi qurib berilishi belgilangan.
Bu kabi musobaqalar yoshlarning jismoniy tayyorgarligini mustahkamlash, harbiy-vatanparvarlik ruhini yuksaltirish hamda ularning kelgusida milliy armiyamiz safida munosib xizmat qilishi uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Akbar Axmedov,
III darajali serjant
Termiz garnizoni.

