Sho‘rchi tumani “Qoqaydi” mahallasida yashovchi Alyor Abduhamidov 2019-yilda 6 sotix tomorqasiga Eron pistasining “Ahmadiy” navidan ko‘chat ekib, yillar davomida tinimsiz parvarish qilib kelmoqda. Uzoq mehnat va sabr evaziga 6 yil o‘tib, 40 tup pista daraxti hosilga kirdi.
Dastlab har bir daraxtdan 4–5 kilogramgacha hosil olingan bo‘lsa, joriy mavsumda hosil biroz kamaygan. Shunga qaramay, tomorqada seleksiya ishlari davom etmoqda, iqlimga mos, hosildor navlarni payvand qilish yo‘lga qo‘yilgan. Hozirda ming tupdan ortiq pista ko‘chatlari parvarish qilinmoqda.
Ushbu tajriba tomorqachilikning istiqbolliligini, sabr va mehnat orqali kichik yer maydonidan ham barakali daromad olish mumkinligini yaqqol namoyon etmoqda.

