1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Sariosiyo tumanidagi “Sangardak” turizm markazida bayramona madaniy-ko‘ngilochar tadbir hamda yangi turizm va oilaviy dam olish maskanlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yosh avlodning mazmunli hordiq chiqarishi, oilaviy turizmni rivojlantirish va hududning sayyohlik jozibadorligini oshirishga qaratilgan tadbirda bir qator zamonaviy obyektlar foydalanishga topshirildi. Jumladan, ziplayn attraksioni, ko‘l bo‘ylab qayiq sayri xizmati, tog‘ halinchagi, zamonaviy dam olish va shale uylari hamda “Uz Bur” restorani o‘z faoliyatini boshladi.
Bayram davomida bolalar uchun konsert dasturlari, qiziqarli sahna chiqishlari va ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etilib, ularga bayram sovg‘alari ulashildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur loyihalar 615 gektar maydonda barpo etilayotgan “Sangardak” turizm majmuasi doirasida amalga oshirilmoqda. Yangi obyektlar hududning turizm salohiyatini yuksaltirish, mahalliy aholi va mehmonlar uchun zamonaviy hamda qulay dam olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

