Yoshlarni sportga keng jalb qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish hamda ta’lim muassasalarida sport muhitini mustahkamlash bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Bu yo‘lda fidokorona mehnat qilayotgan ustoz va murabbiylarning xizmatini munosib qadrlash esa ularning mas’uliyati va motivatsiyasini yanada oshiradi.
Shu munosabat bilan Termiz shahridagi 26-maktabda viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida sport klublarini namunali tashkil etish va yoshlarni sportga keng jalb qilish borasida samarali faoliyat olib borayotgan pedagoglarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Tashpulatov hamda sport sohasi mas’ullari ishtirok etdi.
Tadbir davomida bir guruh jismoniy tarbiya o‘qituvchilari va murabbiylar “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Marosimda sportning yoshlar tarbiyasidagi o‘rni, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish va iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

