“Shunqorlar” bellashdi

Date:

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi “Termiz” umumqo‘shin dala poligonida O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi kubogi uchun an’anaviy “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining Surxondaryo viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur musobaqada viloyatning tuman va shaharlaridagi umumta’lim maktablari hamda texnikumlarda tahsil olayotgan o‘quvchi va talabalardan iborat 15 ta jamoa ishtirok etdi. 16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan yoshlar uchta yo‘nalish bo‘yicha o‘zaro bellashib, bilim, chaqqonlik, matonat va jismoniy tayyorgarlik borasidagi imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi.

Musobaqaning “Harbiy-vatanparvarlik bloki”, “Saf qo‘shig‘i” hamda “Biz — bir jamoamiz!” shartlarida yoshlarning harbiy-vatanparvarlik ruhidagi bilimlari, jamoaviy hamjihatligi, intizomi va ijodiy salohiyati namoyon bo‘ldi.

“Harbiy-amaliy ko‘pkurash bloki” bahslari ayniqsa qiziqarli va murosasiz ruhda kechdi. Unda ishtirokchilar pnevmatik quroldan o‘q otish, o‘quv granatasini uzoqlikka uloqtirish hamda harbiylashtirilgan estafeta shartlari bo‘yicha bellashdi.

Harbiylashtirilgan estafeta davomida yoshlar “AK-74” avtomatini qismlarga ajratish va yig‘ish, gazga qarshi niqobni tezkor kiyish hamda belgilangan masofaga yugurish kabi sinovlarni muvaffaqiyatli bajardi.

“Sport bloki”da esa yoshlar duatlon, 100 metr masofaga yugurish hamda turnikda tortilish bo‘yicha o‘z kuch va mahoratini namoyish etdi. Bellashuvlar davomida ishtirokchilar yuqori tayyorgarlik, jismoniy chiniqqanlik va g‘alabaga bo‘lgan intilishlarini ko‘rsatdi.

Do‘stona, shu bilan birga murosasiz ruhda kechgan musobaqalar yakuniga ko‘ra, Muzrabot tumani yoshlaridan tashkil topgan “Qalqon” jamoasi faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Endilikda ushbu jamoa “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining respublika final bosqichida viloyatimiz sha’nini himoya qiladi.

Ikkinchi o‘rin Angor tumanining “Lochin” jamoasiga, uchinchi o‘rin esa Qiziriq tumanining “Shunqorlar” jamoasiga nasib etdi.

Musobaqa yakunida g‘olib va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Akbar Axmedov,

III darajali serjant

Termiz garnizoni.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Zamonaviy va xavfsiz…

Termiz shahrida aholi farovonligini oshirish hamda shaharning zamonaviy qiyofasini...

Fidoyi jurnalistga yuksak ehtirom

Qiziriq tuman hokimligida taniqli jurnalist, “Hurriyat” gazetasi bosh muharriri,...

“Shunqorlar” bellashdi

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi “Termiz” umumqo‘shin dala poligonida...

TerDU talabalari — finalda!

Termiz davlat universiteti talabalari “Talabalar teatr studiyalari” festivalining Samarqandda...
KunTun
KunTun