Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi hamda Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi hamkorligida o‘tkazilgan davra suhbati mahalliy boshqaruv tizimida ochiqlik, jamoatchilik nazorati va deputatlik mas’uliyatini kuchaytirish masalalariga bag‘ishlandi.
Tadbirda deputatlar, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati institutlari, NNTlar va OAV vakillarining bir maydonda fikr almashgani jamiyat va davlat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Muhokamalarda deputatlik nazoratining samaradorligini oshirish, qarorlar ijrosi ustidan monitoringni kuchaytirish hamda raqamli platformalar orqali hisobdorlikni ta’minlash masalalari dolzarb mavzu sifatida ko‘tarildi.

Xususan, jamoatchilik eshituvlari va qo‘shma monitoring mexanizmlarini kengaytirish orqali fuqarolarning qaror qabul qilish jarayonidagi ishtirokini oshirish zarurligi ta’kidlandi. Bu esa mahalliy Kengashlar faoliyatini xalq manfaatiga yanada yaqinlashtirish, muammolarni joyida aniqlash va ularga tezkor yechim topishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Bugungi davrda fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan, ochiq va xalq bilan ishlaydigan mahalliy Kengashlargina hudud rivoji va aholi ishonchining mustahkam tayanchiga aylana oladi.

