Tog‘ bag‘riga oshiqib chiqish, balandlik sari intilish — bu nafaqat jismoniy kuch, balki iroda, sabr va jasorat sinovidir. Har bir qadamda xavf va hayajon uyg‘unlashgan alpinistlik insonni o‘z imkoniyatlarini sinashga undaydi, cho‘qqiga yetgan lahza esa unutilmas g‘alaba tuyg‘usini baxsh etadi.
Ana shunday ruh va shijoat “Boysun bahori” festivali doirasida o‘tkazilgan “Alpiniada” sport musobaqasida yaqqol namoyon bo‘ldi. Viloyat hokimligi tashabbusi bilan, Favqulodda vaziyatlar hamda sport boshqarmalari hamkorligida tashkil etilgan musobaqada viloyatdagi barcha oliy ta’lim muassasalari talabalari qatnashdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Termiz davlat universiteti jamoasi yuqori mahorat va jipslik namoyish etib, umumjamoa hisobida faxrli 1-o‘rinni egalladi. Ishtirokchilar maxsus uskunalarni tayyorlash, kompas orqali yo‘nalishni aniqlash hamda belgilangan yo‘nalish bo‘ylab vaqt asosida harakatlanish kabi sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tdilar.
Mazkur g‘alaba nafaqat sport yutug‘i, balki yoshlarning qat’iyati, jasorati va jamoaviy ruhining yorqin ifodasi bo‘ldi.

