Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan uzluksiz ta’minlash bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir. Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 31-oktyabrdagi PQ-322-sonli qarori asosida mamlakatda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish va narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlashda ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarining hissasi tobora ortib bormoqda. Xususan, Loykand chinori hududida faoliyat yuritayotgan “Abduxalil fayz baraka” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Supiyev Ulug‘bek Babanovich 5 yildan buyon samarali faoliyat olib bormoqda.
Xo‘jalik ixtiyorida jami 54 gektar yer maydoni mavjud bo‘lib, shundan 22,4 gektarida paxta va g‘alla yetishtirilmoqda, 32 gektar maydonda esa boshqa qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlari rivojlantirilgan. Yer resurslaridan oqilona foydalanish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish va hosildorlikni oshirish orqali yuqori natijalarga erishilmoqda.
Shuningdek, xo‘jalikda chorvachilik, parrandachilik va asalarichilik yo‘nalishlari ham yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda 80 bosh qo‘y, 100 ta kurka parvarish qilinmoqda, 10 ta asalari qutisi orqali sifatli asal yetishtirilmoqda. Bundan tashqari, dala chetlariga 1200 tup mevali ko‘chat ekilib, bog‘dorchilikni kengaytirish ishlari ham izchil davom etmoqda.
Umuman olganda, mazkur ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligining samarali faoliyati nafaqat hududda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga, balki mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda. Bunday tashabbuslar ichki bozor barqarorligini ta’minlash va aholining sifatli mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda muhim o‘rin tutadi.

