“BIZ KIM MULKI TURON, AMIRI TURKISTONMIZ”

Date:

Mamlakatimiz milliy rivojlanishning yangi bosqichi — Uchinchi Renessansga qadam qo‘yayotgan, hayotimizning barcha jabhalarida tub o‘zgarishlar yuz berayotgan bugungi kunda Sohibqiron Amir Temurning shaxsiyati, buyuk ajdodimizning bashariyat tarixi va Turon tamaddunidagi o‘rni hamda temuriylarning boy va betakror merosini chuqur o‘rganish, yurtimiz va chet ellarda keng targ‘ib etish maqsadida butun yurtimiz bo‘ylab qator uchrashuv va anjumanlar tashkil etilib kelinmoqda.

Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Surxondaryo viloyati kengashida “Biz kim mulki Turon, Amiri Turkistonmiz” mavzusida tashkil etilgan amaliy anjuman ham shular jumlasidandir.

Mazkur anjuman turli soha vakillari, jumladan, kasaba uyushmalari tizimidagi xodimlar, tashkilot, idoralarning mas’ul vakillari, oliy ta’lim muassasalarining professor o‘qituvchilari, talabalar, teatr aktyorlari, harbiylarni qamrab olganligi bilan ahamiyatlidir.

Sohibqiron Amir Temur siymosi milliy davlatchiligimiz timsoliga aylanib, o‘zlikni anglash, an’ana va qadriyatlarimizni tiklash borasidagi rolini keng targ‘ib etish, uning xotirasini abadiylashtirish maqsadida mamlakatimizning Toshkent, Samarqand, Shahrisabz shaharlarida Amir Temur haykallari o‘rnatilgani, Temuriylar tarixi davlat muzeyi hamda Xalqaro Amir Temur jamg‘armasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, “Amir Temur” ordeni ta’sis qilingani, yurtimizdagi ko‘plab ko‘cha va xiyobonlarga ulug‘ ajdodimiz nomi berilganini alohida qayd etish lozim.

Shu o‘rinda yana bir narsani alohida ta’kidlash kerak, 2014-yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq Termiz shahri ham “Amir Temur” ordeni bilan mukofotlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi

46-son qarori qabul qilinganligi yuqorida ta’kidlangan fikrlarimizning isbotidir.

 Qayd etish kerakki, mazkur qaror bilan Temuriylar davri tarixini tizimli o‘rganish va ilmiy natijalarni keng targ‘ib etish bo‘yicha 32 banddan iborat 2030-yilgacha mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi”ning qabul qilinganligi alohida ahamiyatga ega.

Mazkur “yo‘l xarita”sida Amir Temur va temuriylar davri tarixi bilan bog‘liq turkum kitoblar, ilmiy va ommabop asarlarni tayyorlash va chop etish, xalqaro konferensiya va anjumanlarni tashkil etish, “Temuriylar davrining 100 nodir qo‘lyozmasi”, “Temuriylar davrining 100 nodir durdonasi” kitob-albomlarini yaratish,  “Temuriylar davri manbalari elektron platformasi” ilmiy loyihasini amalga oshirish hamda umumlashgan ma’lumotlar asosida oliy ta’lim tashkilotlari magistratura bosqichi talabalari uchun Amir Temur nomidagi stipendiyani ta’sis etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish masalalari ilgari surilganligi buyuk sarkarda xotirasini abadiylashtirish borasida ulkan qadamdir.

Tadbir davomida ma’ruzachilar tomonidan Amir Temurning hayoti, siyosiy va ijtimoiy faoliyati, sarkarda davridagi ilm-fan, madaniyat hamda ta’lim rivoji haqida so‘z yuritildi.

O‘zbek milliy davlatchiligi taraqqiyotida temuriylar davrining o‘ziga xos xususiyatlari va ahamiyati haqida tushunchalar berildi. Bobokalonimizning adolatparvarlik, halollik, mardlik va vatanparvarlik fazilatlari madh etildi. Yosh avlod ma’naviy dunyoqarashini oshirishda Amir Temurning ma’naviy merosi, xususan, “Temur tuzuklari”ning o‘rni beqiyos  ekani e’tirof etildi.

Tadbir davomida viloyat musiqali drama teatri aktyorlari tomonidan sahnalashtirilgan Amir Temur hayotini va faoliyatini aks ettiruvchi spektakldan parchalar namoyish etildi. O‘z navbatida, talaba-yoshlar ham buyuk sarkardaning hayotiy tajribalari asosida yaratilgan, “Temur tuzuklari” asaridan sarkardaning adolatparvarligi, halollik va mardligini targ‘ib qiluvchi hikmatli so‘zlaridan namunalar keltirdilar.

Yakunda tadbirni yuqori saviyada o‘tkazishga hissa qo‘shgan bir guruh ishtirokchilar tashkilotchilarning tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir keng jamoatchilikning, ayniqsa, yosh avlod vakillarining ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirish bilan bir qatorda, ularda buyuk ajdodlarimizga bo‘lgan yuksak ehtirom tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.  

Abdukarim AXMEDOV,

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining viloyat

 kengashi raisi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

UMR — ILM, XIZMAT VA SHARAF YO‘LI

Ustoz haqida so‘z yuritish — bu shunchaki bir insonning...

SO‘Z VA SHAXSIYAT

So‘z – har qanday ulug‘ san’atkor ijodida muallif ko‘zlagan...

ZAMON  BILAN  HAMNAFAS

Bugungi tezkor va axborotga boy davrda inson ongini shakllantirish,...

“XABEAS KORPUSI” —  KECHADAN BUGUNGA

Inson erkinligi — har qanday demokratik jamiyatning eng oliy...
KunTun
KunTun