Massiv mo‘jaz  manzilga aylandi

Date:

So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat iqtisodiy o‘sishga, balki aholi turmush darajasini yaxshilashga ham sezilarli ta’sir qilmoqda.

Ayniqsa, zamonaviy uy-joylar barpo etish, hudud infratuzilmasini rivojlantirish va yangi yashash hududlarini yaratish borasidagi sa’y-harakatlar yurtimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirmoqda. Shu jarayonning yorqin namunasi sifatida “Yangi O‘zbekiston” massivlarini misol qilishimiz mumkin.

Davlatimiz rahbarining 2021-yil 12-oktabrdagi farmoniga muvofiq, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholiga qulay sharoitlar yaratish maqsadida qator loyihalar hayotga tatbiq etilayotir. Shulardan biri Jarqo‘rg‘on tumanida amalga oshirilayotgan yirik qurilish loyihasidir. Cho‘l hududlarini o‘zlashtirish orqali bunyod etilayotgan ushbu massiv nafaqat yangi turar joy, balki zamonaviy hayot tarzini shakllantiruvchi kompleks hudud sifatida e’tibor qozonmoqda.

Mazkur massivning 50 gektar maydonida jami 116 ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgacha 68 ta uy foydalanishga topshirildi va 1,5 mingga yaqin xonadonga aholi ko‘chib kirdi. Bu esa qisqa muddat ichida loyiha qanday tezkorlik va samaradorlik bilan amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi.

Hududda ijtimoiy infratuzilma ham izchil rivojlantirilmoqda. Jumladan, poliklinika, 180 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti, 330 o‘rinli umumta’lim maktabi hamda mahalla binosi foydalanishga topshirildi.

Bu obektlar aholi uchun zarur xizmatlarni yaqin masofada olish imkonini yaratib, turmush sifatini oshirmoqda. Bundan tashqari, massivda axborot texnologiyalari va ingliz tili o‘quv markazining tashkil etilishi yoshlarning bilim olishiga keng yo‘l ochmoqda.

Massivda 7 ta mikromarkaz hamda 5 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obektlari barpo etilgan bo‘lib, ular aholining kundalik ehtiyojlarini qondirishda muhim rol o‘ynamoqda. Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari ham zamon talablariga mos ravishda yo‘lga qo‘yilgan: ichimlik suvi va issiqlik tizimlari, qariyb 3 kilometr gaz tarmog‘i tortilgan, 250 kilovatt quvvatga ega transformator o‘rnatilgan.

Ekologik barqarorlik masalasi ham e’tibordan chetda qolmagan. 4,5 gektar maydonga manzarali va mevali daraxtlar ekilgan bo‘lsa, 300 gektar dasht hududida saksovul o‘simliklari parvarish qilinmoqda. Bu esa hudud iqlimini yaxshilash, chang-to‘zonni kamaytirish va yashil makon yaratishga xizmat qiladi.

Kelgusida loyihani yanada kengaytirish rejalashtirilgan. Xususan, yana 50 ga yaqin ko‘p qavatli uy qurilishi, joriy yilning o‘zida esa 14 ta yangi uy (280 xonadon), zamonaviy yo‘llar, ko‘kalamzorlashtirish ishlari hamda istirohat bog‘i barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Bu esa massivni yanada jozibador va yashash uchun qulay maskanga aylantiradi.

Hududdagi uy-joylarga xizmat ko‘rsatish tizimi ham samarali yo‘lga qo‘yilgan. “Yangi yoshlar” boshqaruv servis kompaniyasi tomonidan tumandagi 161 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatilmoqda, shundan 54 tasi aynan ushbu massiv hissasiga to‘g‘ri keladi. Eng muhimi, ko‘p qavatli uylarning tom qismiga 5-15 kilovatt quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatilgani energiya tejamkorligi va muqobil energiya manbalaridan foydalanish borasida muhim qadamdir.

Ushbu massiv nafaqat uy-joy qurilishi loyihasi, balki zamonaviy, qulay va barqaror yashash muhitini yaratishga qaratilgan kompleks tashabbusdir. Bunday bunyodkorlik ishlari mamlakatimizning har bir hududida davom etar ekan, Yangi O‘zbekistonning yangicha qiyofasi tobora yaqqol namoyon bo‘lib boraveradi.

“Surxon tongi”

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

SO‘Z VA SHAXSIYAT

So‘z – har qanday ulug‘ san’atkor ijodida muallif ko‘zlagan...

ZAMON  BILAN  HAMNAFAS

Bugungi tezkor va axborotga boy davrda inson ongini shakllantirish,...

“XABEAS KORPUSI” —  KECHADAN BUGUNGA

Inson erkinligi — har qanday demokratik jamiyatning eng oliy...

TERMIZ SHAHAR PROKURORI RUSTAM IBRAGIMOVNING HUQUQBUZARLIKLARNING BARVAQT PROFILAKTIKASI VA JINOYATCHILIKNING OLDINI OLISHGA OID TERMIZ SHAHRI AHOLISIGA MUROJAATI

Hurmatli termizliklar! So‘nggi vaqtlarda ayrim hududlarda o‘g‘rilik va firibgarlik...
KunTun
KunTun