Bandixon tumani, “Qaldirg‘och” mahallasida O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 5-avgustdagi “Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi 937-sonli Qonuni ijrosini ta’minlash maqsadida xatlov ishlari izchil va tizimli ravishda olib borilmoqda.
Mazkur jarayon doirasida Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari palatasi Surxondaryo viloyati boshqarmalarining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bosh mutaxassislari mahalla yettiligi vakillari, faollar va aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda qonunchilik mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirilib, fuqarolarga yer va mulk huquqlarini qonuniy rasmiylashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Shuningdek, aholining savollariga batafsil javoblar berilib, ularning huquqiy savodxonligini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, hududda xatlov jarayonlari malakali mutaxassislar ishtirokida bevosita amalga oshirilib, fuqarolarga xatlov tartibi, uning bosqichlari hamda zarur hujjatlar yuzasidan batafsil ko‘rsatmalar berildi. Hozirgi kunda Bandixon tumanida 22 ta mahalla mavjud bo‘lib, Kadastr agentligi tomonidan tasdiqlangan reja-jadvalga ko‘ra 2026-yilda 8 ta mahallada xatlov ishlarini o‘tkazish belgilangan. Mazkur keng ko‘lamli jarayonlarga 4 nafar malakali mutaxassis jalb etilgan.
O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarni xatlov natijalariga ko‘ra, hozirga qadar Bandixon tumanida jami 3 872 ta obyekt to‘liq xatlovdan o‘tkazilgan, shundan 3 695 ta obyekt “E’tirof” axborot tizimiga kiritilgan.
“E’tirof” axborot tizimiga kiritilgan obyektlar bugungi kunda quyidagi bosqichlarda ko‘rib chiqilmoqda:
163 ta obyekt jamoatchilikka e’lon qilingan;
24 ta obyekt hozirda jamoatchilik muhokamasida;
99 ta obyekt rad etilgan;
480 ta obyekt bo‘yicha mulk huquqi qonuniy ravishda e’tirof etilgan.
Mazkur xatlov ishlari fuqarolarni mulk huquqlari bilan bog‘liq noaniqliklardan himoya qilishi, yer va inshootlarning qonuniylashtirilishini ta’minlashi va aholining huquqiy ongini oshirishi bilan ahamiyatlidir. Bandixon tumanidagi keng ko‘lamli xatlov jarayoni, shubhasiz, hududda mulk munosabatlarining barqarorligini ta’minlashda muhim qadam hisoblanadi.

