O‘zbekiston Respublikasida jamoat xavfsizligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Jamoat xavfsizligi konsepsiyasida jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda jinoyatchilikka qarshi kurashishda davlat organlari bilan bir qatorda fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtiroki muhim vazifa sifatida belgilab qo‘yilgan. Ushbu konseptual yondashuv jamoat xavfsizligini ta’minlashda “fuqaro-jamiyat-davlat” o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, profilaktikaga asoslangan tizimni shakllantirishga qaratilgan.
Jamoat xavfsizligini ta’minlash jarayonida mahalla fuqarolar yig‘ini, nodavlat notijorat tashkilotlari, jamoatchilik kengashlari hamda ommaviy axborot vositalarining ishtiroki yildan-yilga kengayib bormoqda. Ayniqsa, mahalla instituti orqali aholi o‘rtasida huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash, profilaktik chora-tadbirlarni tashkil etish, ijtimoiy xavfli holatlarning oldini olishda sezilarli natijalarga erishilmoqda. Mahalla raislari, profilaktika inspektorlari va jamoatchilik faollari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan tizimli hamkorlik jamoat tartibini saqlash va aholi xavfsizligini ta’minlashda muhim omilga aylanmoqda.
Jamoat xavfsizligi sohasida kadrlar tayyorlash, ilmiy-amaliy yondashuvni kuchaytirish va zamonaviy tahdidlarga qarshi malakali mutaxassislar tayyorlashda Jamoat xavfsizligi universitetining o‘rni alohida ahamiyat kasb etmoqda. Oliy ta’lim muassasalari tomonidan jamoat xavfsizligi tizimi uchun zamonaviy bilim, kasbiy ko‘nikma va amaliy tajribaga ega kadrlar tayyorlanishi, shuningdek, profilaktika ishlarida jamoatchilik bilan ishlash madaniyatini shakllantirishga qaratilgan ilmiy-tahliliy izlanishlar olib borilishi amaliyot samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Bu esa hududlarda, jumladan, Surxondaryo viloyatida ham jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kompleks va tizimli yondashuvni qaror toptirishga mustahkam zamin yaratmoqda.
Xususan, viloyatda jamoat xavfsizligini ta’minlashda mahalla institutining o‘rni alohida ahamiyat kasb etmoqda. Viloyatdagi 724 ta mahalla fuqarolar yig‘inida raislar, profilaktika inspektorlari va jamoatchilik faollarining hamkorlikdagi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular tomonidan huquqbuzarliklarning oldini olish, ijtimoiy muhitni sog‘lomlashtirish, aholi o‘rtasida huquqiy targ‘ibot ishlarini olib borishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, viloyat hududidagi 604 ta nodavlat notijorat tashkiloti jamoat xavfsizligini ta’minlash jarayonida faol ishtirok etmoqda. Ushbu tashkilotlar tomonidan aholining huquqiy madaniyat va xabardorligini oshirish hamda yuksaltirish, yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ijtimoiy xavf guruhlar bilan manzilli ishlashga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, NNTlarining faoliyati fuqarolarning jamoat ishlaridagi ishtirokini kuchaytirish va jamoatchilik nazoratini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega. Jumladan, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Surxondaryo hududiy bo‘linmasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab quvvatlash jamoat fondining Surxondaryo viloyati bo‘linmasi, Respublika “Istiqbolli Avlod” ijtimoiy axborot markazi Surxondaryo viloyat bo‘limi, “Barqaror hayot” xalqaro ijtimoiy-ma’rifat markazi, “Taskin” xotin-qizlarni ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy manfaatlarini himoya qilish axborot markazi, “Ayol va shodlik” ayollar va yoshlarni ijtimoiy himoya qilish markazi, “Madad” muassasa shaklidagi NNTning Termiz shahridagi byurosi, O‘zbekiston mahallalar uyushmasi Surxondaryo viloyat boshqarmasi va uning quyi tizimidagi barcha tuman (shahar) hamda mahalla fuqarolar yig‘inlarida va boshqa shu kabi NNTlar tomonidan jamoat xavfsizligini ta’minlashda faol ishtirok etishmoqda.
“Barqaror hayot” xalqaro ijtimoiy-ma’rifat markazi tomonidan mahalliy va xorijiy loyihalar doirasida Termiz xalqaro aeroporti va aviakassalarda xorijiy davlatlarga ishlash uchun ketayotgan fuqarolar uchun odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha muntazam ravishda targ‘ibot tadbirlari tashkil qilib borilmoqda.
Qumqo‘rg‘on tumani, “Yangishahar” mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan jinoyatchilikni oldini olishda mas’ullar, mahalla yettiligi, bank xodimi, imom-xatib va nuroniylar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilgan. Unda, profilaktik ishlar samaradorligini oshirish, hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha vazifalar belgilab olingan.
Viloyatda faoliyat yuritayotgan 34 ta gazeta, 5 ta jurnal, 5 ta internet nashri, 3 ta televideniye va 1 ta radio orqali jamoat xavfsizligiga oid masalalar muntazam yoritilib, aholining huquqiy ongi va faolligini oshirishga xizmat qilmoqda. OAV orqali muammolarning ochiq muhokama qilinishi jamoatchilik nazoratini kuchaytirishda muhim vosita hisoblanadi.
Jamoat xavfsizligi konsepsiyasi talablari asosida Surxondaryo viloyatida jamoat xavfsizligini ta’minlashda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki izchil va tizimli ravishda rivojlanib bormoqda. Zero, davlat organlari, ta’lim va ilmiy muassasalar, jamoatchilik tuzilmalari hamda fuqarolar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash jamiyatda tinchlik, osoyishtalik va barqarorlikni ta’minlashning muhim shartidir.
Asomiddin Mamayusupov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi

