Bugungi kunda viloyatimizda yangi bino va inshootlar qurilishi, ko‘p qavatli turar joylar barpo etilishi hamda mavjud aholi yashash maskanlarini rekonstruksiya qilish ishlari keng ko‘lamda olib borilmoqda.
Shahar-u qishloqlarda yangidan qad rostlayotgan zamonaviy binolarni ko‘rib, albatta, kishining ko‘ngli -yu ko‘zi quvnaydi. Bundayin bunyodkorlik ishlari yurtimiz taraqqiyoti va aholi farovonligining yaqqol ifodasidir.
Biroq qurilish sohasi doimo turli xavf-xatarlar bilan bog‘liq bo‘lib, ular orasida yong‘in xavfsizligi eng muhim va dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Chunki qurilish maydonlarida birgina e’tiborsizlik, qoidalarga amal qilmaslik yoki mas’uliyatsizlik katta moddiy zarar, eng achinarlisi esa inson hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy tahdid solishi mumkin. Shu bois har bir qurilish obyektida yong‘in xavfsizligini ta’minlash davlat talablari va amaldagi qoidalar asosida qat’iy amalga oshirilishi shart.
Surxondaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi yong‘in xavfsizligini ta’minlash maqsadida qurilish tashkilotlari rahbarlari, mas’ullar va ishchilarni yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etishga chaqiradi. Qurilish maydonlarida qo‘lbola va nosoz elektr isitish moslamalaridan foydalanmaslik, ruxsat etilmagan joylarda, ayniqsa, qurilish vagonlarida chekishga yo‘l qo‘ymaslik lozim.
Elektr tarmoqlarining saqlagichlariga “qo‘lbola” simlar ulab ishlatmaslik, kislorod ballonlarini bo‘yoqlar, yog‘och va boshqa yonuvchan materiallar bilan birga saqlamaslik talab etiladi.
Eng muhimi, qurilish maydonlarida bolalarning o‘ynashiga yo‘l qo‘ymaslik shart. Shuningdek, davlat standartidan o‘tkazilmagan qurilish materiallaridan foydalanmaslik lozim. Har bir xodim yong‘in xavfsizligi qoidalari va favqulodda holatlarda evakuatsiya tartibini mukammal bilishi, qurilish obyektlari esa har 3–6 oyda kamida bir marotaba texnik tekshiruvdan o‘tkazilishi lozim. Qurilish maydonlari va qurilish vagonlarida yong‘inga qarshi mas’ul shaxslar tayinlanib, yuqoridagi talablarga rioya etilishi nafaqat moddiy zararni kamaytiradi, balki eng avvalo, inson hayoti va sog‘lig‘ini asrab qoladi.
Barcha qurilish obyektlarida yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilish — bu shunchaki talab emas, balki hayotiy muhim vazifadir. Beparvolik fojiaga, mas’uliyat esa xavfsiz va barqaror bunyodkorlikka olib kelishini unutmaylik.
M.Avazov,
viloyat FVB SHSPB boshlig‘i, kapitan

