Termiz tumanidagi “Gulbahor” mahallasida yashovchi Shodigul Norchayeva — Moskva shahrida ota-onasidan ayrilib, yetim qolgan 4 nafar vatandosh bolani o‘z qaramog‘iga oldi. Ularga ona yurtda mehr va g‘amxo‘rlik bag‘ishlab kelmoqda. Bu nafaqat insoniylik, balki chinakam insonparvarlik namunasi deyish mumkin.
Mahalladagi ijtimoiy xodim Otabek Mengliyev Shodigul opa va bolalar uchun zarur ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishga erishdi. Oilaga vasiylik masalasida huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatildi. Islam, Umid va Amina — 18-maktabga joylashtirildi. Mubina esa 15-sonli MTT (bog‘cha)ga qabul qilindi.
Maktab o‘quvchilari to‘garaklarga jalb etilib, maktab psixologi xizmatlari bilan ta’minlandi. Shodigul opaga psixologik va huquqiy yordam berildi. “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali oziq-ovqat, kiyim-kechak va ko‘mir ajratildi. Bolalar puli tayinlanishi uchun ariza topshirilib, oila “kambag‘al oila” reyestriga kiritildi.