Eng og‘ir yuk

Date:

Bir yigit buvasiga arzi hol qildi:
– Hayot ziddiyatlarga to‘la. Sizning esa doim kayfiyatingiz chog‘. Xafa bo‘lganingizni, birovdan ranjiganingizni ko‘rmayman. Sizga o‘xshashga shuncha harakat qilsam ham, uddasidan chiqolmayapman.
Oqsoqol bir zum o‘ylanib, dedi:
– Kelishib olaylik, har safar kimdandir yo nimadandir norozi bo‘lganingda menga bitta tosh olib kelasan.
– Qanaqa tosh?
– Farqi yo‘q. Xohishingga qarab ko‘tarib kelaver.
Yigit buvam shunaqa qilib o‘zini ovutarkan-da, deb o‘yladi-yu, uning gapini ikki qilgisi kelmadi. U yoki bu vaziyatdan dili xira tortganda shartni bajardi. Kunlardan birida qariya nabirasini chaqirib, xona burchagida turgan og‘zi bog‘liq qopga ishora qildi:
– Anavini ko‘tar-chi.
Yigit qopni yelkasiga ortmoqladi. O‘ziyam og‘irgina ekan, bukchayib qoldi.
– Qayerga olib borish kerak? – so‘radi zo‘rg‘a nafas olib.
– Hech qayerga, o‘zing bilan olib yurasan. O‘tirsang ham, tursang ham zinhor yelkangdan qo‘yma.
Yigit qariyaning gapini tushunmay, bir muddat kalovlanib turdi-da, keyin qopni yelkasidan tashlab yubordi. Ichini ochib qarasa, o‘sha o‘zi yig‘ib kelgan katta-kichik, qing‘ir-qiyshiq toshlar…
– Shuyam hazil bo‘ldimi, buva! Bu zilday matohni ko‘tarib yurishning kimga keragi bor?! – dedi yigit ranjigan ohangda.
Qariya mehr bilan nabirasining yelkasini siladi.
– To‘g‘ri aytasan, bolam, bu yukning hech kimga keragi yo‘q. Ranj-alamga to‘la ko‘ngilning ham ana shu qopdan farqi bo‘lmaydi. Xotirada saqlanib qolgan dilxiralik foydasiz yuk misoli, kishini ezib tashlaydi, qaddini bukadi, bora-bora qalbini g‘uborga to‘ldiradi. Uni orqaga tashlab yaxshi qilding.

Yulduz

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Asfaltlash ishlari boshlandi

Yo‘l infratuzilmasini yaxshilash hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi uchun qulay...

Oilaviy kutubxona tashkil etildi

Kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish va mutolaani oilaviy qadriyatga aylantirish Yangi...

Chempion yurtga qaytdi

Yurtimiz sportchilari xalqaro maydonlarda erishayotgan yuksak natijalar O‘zbekistonda sportni...

“Hirotga, bobomning huzuriga!”

Milliy tarix va ma’naviy merosni chuqur o‘rganish, ajdodlarimiz qoldirgan...
KunTun
KunTun