Ko‘p qavatli turar-joy binolari qurilishida nafaqat ish sifatiga, balki yong‘in va texnika xavfsizligi talablariga rioya etilishiga ham alohida e’tibor qaratish muhim. Zero, qurilish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning oldini olish ishchilarning hayoti va salomatligini muhofaza qilishda muhim ahamiyatga ega.
Shu maqsadda viloyat FVB ShSPB xodimlari tomonidan Jarqo‘rg‘on tumani Ulug‘bek mahallasida “BARS AGRO SERVIS” MCHJ tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli turar-joy binosida quruvchilar ishtirokida profilaktik tushuntirish ishlari olib borildi.
Unda yong‘inlar va favqulodda vaziyatlarning oldini olish, qurilish jarayonida texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy amal qilish, xavfsizlik talablarini buzmaslik yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.
Bunday profilaktik tadbirlar qurilish maydonlarida xavfsiz mehnat muhitini shakllantirish, baxtsiz hodisalar va ko‘ngilsiz holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

