Ta’lim sifati va o‘quvchilar bilimini oshirish, bitiruvchilarning oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichlarini yaxshilash maqsadida ta’lim natijalari past bo‘lgan maktablarda manzilli o‘rganishlar olib borilmoqda.
Termiz tumani hokimi Shuxrat Qalandarov o‘ziga biriktirilgan 8-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib, ta’lim jarayoni, yaratilgan sharoitlar va mavjud muammolar bilan tanishdi. 330 o‘rinli maktabda ayni paytda 274 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. O‘tgan o‘quv yilida maktabni tamomlagan 26 nafar bitiruvchidan atigi 3 nafari oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirgan. Shuningdek, 36 nafar pedagogning 4 nafari birinchi malaka toifasiga ega.
O‘rganish davomida ta’lim sifatini yaxshilash, o‘quvchilarning fanlarni o‘zlashtirish darajasini oshirish va bitiruvchilarni oliy ta’limga maqsadli tayyorlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Xususan, joriy o‘quv yili bitiruvchilarining har biri bilan individual ishlash, ularning qiziqish va qobiliyatidan kelib chiqib, qo‘shimcha mashg‘ulotlar hamda to‘garaklarga jalb etish topshirildi. Bu jarayonda ota-onalar bilan hamkorlikni kuchaytirish ham nazarda tutilgan. Shu maqsadda shanba kuni maktabda “Otalar yig‘ilishi”ni tashkil etish belgilandi.

