Surxondaryo viloyatida o‘tkazilayotgan hamkorlikdagi qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlarining ikkinchi kunida bajarilgan ishlar sarhisob qilinib, navbatdagi vazifalar belgilandi.
Muhokama viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov hamda Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari Nuriddin Qodirov raisligida o‘tkazildi. Unda favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ular yuzaga kelganda tezkor va hamjihatlikda harakat qilish, mas’ul tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda kuch va vositalarning shayligini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Kuz-qish mavsumida aholi xonadonlarida is gazidan zaharlanish va yong‘inlarning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Profilaktika ishlarini kuchaytirish, aholi o‘rtasida tushuntirish tadbirlarini olib borish va xavfsizlik qoidalariga rioya etilishini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Shuningdek, o‘quv mashqlariga jalb etilgan kuch va vositalarning saf ko‘rigi o‘tkazilib, ularning belgilangan vazifalarni bajarishga tayyorgarligi ko‘zdan kechirildi.
Bunday mashqlar favqulodda vaziyatlar yuz berganda xizmatlarning qay darajada hamjihatlikda va tezkor harakat qilishini sinovdan o‘tkazish, mavjud kamchiliklarni aniqlash hamda ularni bartaraf etishga xizmat qiladi. Pirovard maqsad — favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularning oqibatlarini kamaytirish va aholi hayoti hamda xavfsizligini himoya qilish.

