Ba’zan insonning kayfiyatini katta bir voqea emas, oddiygina bir og‘iz shirin so‘z o‘zgartiradi. Ko‘chada uchragan kishining salomi, xizmat ko‘rsatayotgan xodimning muloyim muomalasi, jamoat transportida yo‘l berish yoki kattaga hurmat ko‘rsatish — bularning barchasi kundalik hayotimizdagi muomala madaniyatini belgilaydi. Til va muomala bir-biridan ajralmaydi. O‘zbek tilining boyligi faqat adabiy asarlar yoki ilmiy manbalarda emas, odamlarning kundalik suhbatida, bir-biriga murojaatida, so‘z tanlashida ham namoyon bo‘ladi. Chiroyli so‘z, o‘rinli murojaat va samimiy ohang suhbatdoshga hurmatni bildiradi.
Ayniqsa, adabiy til me’yorlariga amal qilish oiladagi tarbiya bilan uyg‘unlashib ketmog‘i lozim chunki bolaning nutqi ham, kattalarning kundalik muomalasi ham bir-biridan o‘rnak oladi. Tilga bo‘lgan e’tibor, avvalo, oiladagi suhbatdan boshlanishini unutmasligimiz kerak.
Yurtimizning qay burchagiga bormaylik, samimiy muomala madaniyatining yaxshi namunalariga duch kelamiz. Sirdaryoda odamlarning xushmuomalaligi, Farg‘ona tomonlarda esa suhbatdagi muloyimlik va xizmat ko‘rsatish madaniyati e’tiborimni tortgan.
Farg‘ona–Qo‘qon yo‘nalishidagi safarimda bunga yana bir bor guvoh bo‘ldim. Jamoat transportida yo‘lovchilarga o‘rindiqlarni tartibli taqsimlash, ayollarga hurmat ko‘rsatish, yo‘l so‘ragan kishiga muloyim javob berish — oddiydek tuyulgan, ammo odamning ko‘ngliga iliqlik beradigan holatlar.
Qo‘qonda avtobusga chiqayotganimda bir ayolning “Aka, siz mehmonga o‘xshaysiz. Bizda erkaklar orqa o‘rindiqda o‘tirishadi”, degan samimiy murojaati hamon yodimda. Bu gapning o‘zida qo‘pollik emas, aksincha, begona odamni ham o‘z odatiga hurmat bilan chorlaydigan iliqlik bor edi. Bunday madaniyatni faqat jamoat transportida emas, savdo shoxobchalari, ko‘cha-ko‘y, davlat idoralari va boshqa xizmat ko‘rsatish joylarida ham ko‘rish mumkin. Insonning qayerda ishlashi yoki qanday lavozimda bo‘lishidan qat’i nazar, uning muomalasi atrofidagilarga ta’sir qiladi.
Aksincha, shoshqaloqlik, qo‘pol murojaat, bir-biriga yo‘l bermaslik, jamoat joyidagi odob me’yorlariga beparvolik kundalik hayotimizni noqulaylashtiradi. Ayniqsa, odamlar gavjum bo‘ladigan joylarda o‘zaro hurmatning qadri yanada bilinadi.
Shu ma’noda, muomala madaniyati faqat odob qoidasi emas. U jamiyatdagi o‘zaro ishonch va hurmatning oddiy, ammo muhim ko‘rinishidir. Bir kishining xushmuomalaligi boshqasiga ham ta’sir qiladi. Yaxshi muomalaga javoban yana bir yaxshi muomala yuzaga keladi.
Til masalasida ham xuddi shunday. Ona tilini qadrlash uni faqat bayramlarda madh etish bilan emas, kundalik hayotda to‘g‘ri va o‘rinli qo‘llash, suhbatdoshga hurmat bilan murojaat qilish, so‘zning qadriga yetish bilan namoyon bo‘ladi.
Shuning uchun farzand tarbiyasida ham chiroyli gapirish, tinglashni bilish, kattaga hurmat, kichikka izzat, jamoat joyida o‘zini tutish kabi oddiy ko‘nikmalarga e’tibor berish muhim. Chunki muomala odobi kitobdan o‘qib olinadigan qoidagina emas, avvalo ko‘rib, eshitib, kundalik hayotda o‘zlashtiriladigan fazilatdir.
Lutf — ortiqcha bezak emas. U insonning ichki madaniyatini ko‘rsatadigan oddiy, ammo ta’sirchan mezon. Og‘izdan chiqqan yaxshi so‘z birovning kunini yaxshilashi, qo‘pol gap esa uning kayfiyatini buzishi mumkin.
Shunday ekan, jamiyatdagi muomala madaniyatini yaxshilashni katta tadbirlardan emas, o‘zimizning kundalik xatti-harakatimizdan boshlaylik. Salomlashish, tinglash, yo‘l berish, rahmat aytish, kerak bo‘lsa, kechirim so‘rash — oddiy amallardir. Ammo insoniy munosabatning mustahkamligi ko‘pincha aynan shu oddiyliklarda namoyon bo‘ladi.
Lutf odobi — inson ziynati. U ko‘ngildan chiqib, yana bir ko‘ngilga yetib boradigan ma’naviyatdir.
Nurmuhammad MUHAMMADIYEV,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi

