Inson dunyoni avvalo ona tilidagi so‘zlar orqali taniydi. Onaning allasi, ilk eshitilgan nasihat, bolalikdagi ertak va maqollar, ajdodlardan qolgan hikmatlar — bularning barchasi til orqali qalbimizga singadi. Shu bois ona tili shunchaki muloqot vositasi emas, insonning o‘zligini anglashiga xizmat qiladigan ma’naviy asosdir.
Til — xalqning tarixiy xotirasi va tafakkurini saqlab kelayotgan asosiy ma’naviy boyliklardan biri. Xalqning maqol va matallari, adabiyoti, urf-odatlari, asrlar davomida to‘plangan hayotiy tajribasi til orqali avloddan avlodga o‘tadi.
O‘zbek tilining imkoniyatlari buyuk ajdodlarimiz ijodida, ayniqsa, yaqqol namoyon bo‘lgan. Alisher Navoiy turkiy tilning badiiy imkoniyatlarini yuksak darajada ko‘rsatib, uning adabiy til sifatidagi mavqeyini mustahkamlashga katta hissa qo‘shgan. Bizning vazifamiz esa bu merosni faqat faxr bilan tilga olish emas, balki tilimizdan to‘g‘ri, ravon va mazmunli foydalanishdir.
Tilga hurmat avvalo kundalik hayotdan boshlanadi. So‘zlarni to‘g‘ri qo‘llash, savodli yozish, fikrni aniq ifodalash, rasmiy hujjatlarni davlat tilida sifatli yuritish — bularning barchasi ona tiliga bo‘lgan munosabatni ko‘rsatadi.
Ayniqsa, axborot tezlashgan, ijtimoiy tarmoqlar hayotimizning bir qismiga aylangan davrda nutq madaniyatiga e’tibor yanada muhim. Yoshlarning ona tilida ravon so‘zlashi bilan birga, uni to‘g‘ri yozishi, so‘z boyligidan o‘rinli foydalanishi ham tilning kelajagi uchun muhim omildir.
Bu xorijiy tillarni o‘rganishga qarama-qarshi emas. Aksincha, boshqa tillarni bilish insonning dunyoqarashini kengaytiradi. Ammo o‘zga tillarni o‘rganish ona tiliga bo‘lgan e’tiborni susaytirmasligi kerak. O‘z tilini yaxshi bilgan inson boshqa tillarning imkoniyatlarini ham chuqurroq anglaydi.
Ona tili bizga ajdodlardan meros bo‘lib kelgan. Ammo bu meros faqat foydalanish uchun emas, uni boyitib, rivojlantirib, keyingi avlodga yetkazish uchun berilgan. Ilm-fan, ta’lim, texnologiya va axborot sohalarida o‘zbek tilining imkoniyatlarini kengaytirish ham shu mas’uliyatning bir qismidir.
Shu ma’noda, biz ona tilimizdan qanchalik to‘g‘ri foydalanyapmiz? Farzandlarimizga qanday nutq namunasini ko‘rsatyapmiz? Tilimizni kelajak avlodga qanday holatda qoldiramiz?
Ona tilini asrash balandparvoz gaplardan emas, kundalik odatlardan boshlanadi. To‘g‘ri so‘zlash, savodli yozish, kitob o‘qish va tilning imkoniyatlarini kengaytirishga intilish — har birimizning amaliy hissamizdir.
O‘zbek tili bizga ajdodlardan qolgan meros bo‘lish barobarida, u kelajak avlodga topshiriladigan mas’uliyat hamdir.
Zarnigor Eshmatova,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Denov tuman bo‘linmasi
yetakchi mutaxassisi

