Bugun raqamli makon inson hayotining deyarli barcha sohalariga chuqur kirib bordi. 2026-yil aprel oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, jahonda internetdan foydalanuvchilar soni 6,12 milliardga, ya’ni dunyo aholisining 73,8 foiziga yetgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi faol foydalanuvchi hisoblari 5,79 milliardni, sun’iy intellekt vositalaridan foydalanuvchilar soni esa 2,42 milliardni tashkil etgan.Bu ko‘rsatkichlar internet va ijtimoiy tarmoqlar hayotimizning ajralmas qismiga aylanganini yaqqol ko‘rsatadi. Birgina tugmani bosish orqali soniyalar ichida dunyoning eng chekka burchagidagi yangiliklardan xabar topamiz. Biroq bugungi asosiy muammo axborotning yetishmayotganida emas, balki uning qanchalik ishonchli ekanidir.
Haqiqat etigini kiyguncha, yolg‘on dunyoni aylanib chiqadi
Tadqiqotlar soxta axborot ayrim hollarda haqiqiy xabarlarga nisbatan tezroq va kengroq tarqalishini ko‘rsatgan. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda insonning kuchli hissiyotlariga ta’sir qiladigan xabarlar qisqa vaqt ichida katta auditoriyaga yetib boradi.
Nega shunday?
Chunki soxta axborot ko‘pincha insonning qo‘rquv, g‘azab, hayrat kabi kuchli hissiyotlariga ta’sir qiladi. Kuchli hissiyotga berilgan odam esa xabarni tekshirmasdan boshqalarga ulashishga shoshiladi.
Natijada axborotning haqiqatga qanchalik mosligi emas, balki uning qanchalik ta’sirchan ekani birinchi o‘ringa chiqib qoladi.
“Posthaqiqat” va raqamli tahdidlar
Shu nuqtayi nazardan, bugun “posthaqiqat” (“Post-truth”) atamasi ko‘p tilga olinmoqda. Bu tushuncha fakt va dalillar mavjud bo‘lsa-da, ularni qabul qilishda insonning hissiyoti, shaxsiy qarashlari va e’tiqodi ustun keladigan holatni anglatadi.
Raqamli platformalar esa bu jarayonni yanada tezlashtirishi mumkin. Ko‘plab platformalarda foydalanuvchiga ko‘rsatiladigan kontent uning qiziqishlari va avvalgi faoliyati asosida shakllanadi. Natijada inson o‘z qiziqishlari va qarashlariga yaqin ma’lumotlarni ko‘proq uchratadi, boshqa nuqtayi nazarlar esa uning axborot maydonida kamroq namoyon bo‘ladi.
Bu muammo, ayniqsa, yoshlar orasida jiddiy e’tibor talab qiladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, o‘smirlar orasida ijtimoiy tarmoqlardan ortiqcha va nazoratsiz foydalanish holatlari ham uchramoqda. Bu esa raqamli muhitdan foydalanish madaniyati va uning yoshlar hayotiga ta’siriga alohida e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarning o‘zi xavf degani emas. Masala — insonning raqamli muhitdan qanday, qancha vaqt va nima maqsadda foydalanayotganida. Demak, raqamli madaniyat, ongli foydalanish va axborotni saralay bilish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tartib va javobgarlik: kim nima qilishi kerak?
Internet — ochiq maydon, lekin undagi tartib va mas’uliyat faqat bir tomonning, ya’ni davlatning zimmasida bo‘la olmaydi. Chegara bilmas raqamli makonda xavfsiz va ishonchli axborot muhitini shakllantirish davlat, platformalar, ommaviy axborot vositalari va fuqarolarning o‘zaro mas’uliyatini talab qiladi.
Dunyoda bolalar va o‘smirlarni raqamli muhitda himoya qilishga qaratilgan turli yondashuvlar va yangi qoidalar joriy etilmoqda. Ularda yoshga doir talablar, ota-onalar nazorati, platformalarning kontent va foydalanuvchilar xavfsizligi bo‘yicha majburiyatlari kuchaytirilmoqda.
Bunday yondashuvning mohiyati internetni to‘liq cheklash emas, balki raqamli platformalarda xavfsiz muhit yaratish, bolalarni zararli kontentdan himoya qilish va platformalarning mas’uliyatini oshirishdan iborat.
Manipulyatsiya va axborot bosimining oqibatlari
Ajdodlarimiz azaldan har qanday xabarni eshitganda uning asl mohiyatini surishtirish va tekshirishga katta e’tibor qaratganlar. Muqaddas manbalarimizda ham: “Ey iymon keltirganlar! Agar sizlarga fosiq bir kimsa xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar…”, degan mazmundagi hikmat bejiz aytilmagan.
Bugun esa inson har kuni yuzlab, hatto minglab xabarlar, videolar va turli talqinlarga duch keladi. Ularning barchasini birdek tekshirishning imkoni yo‘q. Ammo doimiy ravishda salbiy, vahimali yoki chalg‘ituvchi axborotga duch kelish insonda xavotirni kuchaytirishi, jamiyatda esa o‘zaro ishonchga putur yetkazishi mumkin.
Eng yomoni, odamlar vaqt o‘tishi bilan chinakam muhim va ishonchli xabarlarga ham shubha bilan qaray boshlaydi. Bu esa axborot muhitida yana bir xavfli holat — haqiqat bilan yolg‘on o‘rtasidagi chegaraning xiralashishiga olib keladi.
Qanday qilib himoyalanamiz?
Xo‘sh, global axborot oqimida o‘zimizni qanday himoya qilamiz?
Bugungi kunda bunga qarshi eng muhim vositalardan biri — mediasavodxonlik va tanqidiy fikrlashdir. Bu borada davlatning qonuniy mexanizmlari, platformalarning mas’uliyatli yondashuvi, OAVning professionalligi va fuqarolarning axborotga ongli munosabati bir-birini to‘ldirishi kerak.
Kundalik hayotda esa quyidagi oddiy qoidalarga amal qilish foydali:
Manbani tekshiring. Xabarni tarqatayotgan media yoki shaxsning ishonchli ekanini aniqlang.
Sarlavhaga aldanmang. Sensatsion sarlavhaga emas, xabarning to‘liq mazmuniga e’tibor bering.
Hissiyotga berilmang. Agar xabar sizda kuchli g‘azab, qo‘rquv yoki vahima uyg‘otsa, uni darhol tarqatishga shoshilmang.
Bir necha manbani solishtiring. Ayniqsa, muhim xabarlarni kamida ikki-uchta ishonchli manba orqali taqqoslab ko‘ring.
Axborot qanchalik tez tarqalmasin, uning ishonchliligi tezlik bilan emas, dalil bilan o‘lchanadi. Shuning uchun davlatning qonuniy mexanizmlari, platformalarning mas’uliyatli yondashuvi, va boshqa jihatlar o‘zaro uyg‘unlashsagina, raqamli makonimiz yanada xavfsiz va ishonchli bo‘ladi.
Chunki bugun axborotni qabul qilish madaniyati uni tarqatish mas’uliyati kabi muhim. Tanqidiy fikrlash, faktni tekshirish va shoshilmaslik — yolg‘on axborot to‘lqinlarida adashib ketmaslikning eng ishonchli yo‘lidir.
Zahiriddin TO‘RAYEV,
O‘zkomnazorat inspeksiyasi Surxondaryo viloyati hududiy bo‘limining
Axborot sohasida monitoring va nazorat bo‘yicha bosh mutaxassisi

