Hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish va ijtimoiy infratuzilmani yanada yaxshilash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada qabul qilinayotgan qarorlar ijrosini ta’minlash, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish hudud rahbarlarining muhim vazifalaridan sanaladi.
Shu maqsadda Surxondaryo viloyatida davlat dasturlari va Prezident qarorlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni tizimli nazorat qilish, mavjud muammolarni joyida hal etish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Angor tumanining “Chinobod” mahallasida joylashgan 12-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 28 martda qabul qilingan “Islom taraqqiyot banki ishtirokida “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” (2-bosqich) loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tumanda amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasida ishtirok etdi.
Yig‘ilishda qaror doirasida belgilangan vazifalarning bajarilish holati, qurilish va obodonlashtirish ishlarining borishi, ijtimoiy infratuzilma obyektlarini sifatli hamda belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, har bir amalga oshirilayotgan loyiha, avvalo, aholi manfaatlariga xizmat qilishi, hududning ijtimoiy qiyofasini yaxshilashi va fuqarolarga qulay sharoitlar yaratishi lozim. Shu bois ishlarning sifati, bajarilish muddati va samaradorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish zarurligi qayd etildi.
Yig‘ilish davomida viloyat hokimi mas’ul rahbarlarga har bir loyihani tizimli nazorat qilish, qurilish jarayonlarida aniqlangan kamchiliklarni tezkor bartaraf etish, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.
Amalga oshirilayotgan mazkur ishlar hudud infratuzilmasini rivojlantirish, aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish va davlat dasturlari ijrosining samaradorligini ta’minlashga qaratilgan.
Belgilangan vazifalarning izchil amalga oshirilishi natijasida tumanda yangi imkoniyatlar yaratilib, aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladigan muhim loyihalar samarasi yanada oshadi.
“Surxon tongi”

