Milliy qadriyatlar bag‘rida tarbiyalanayotgan Vatan himoyachilari

Date:

Mamlakatimizda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash hamda harbiy xizmatchilarning ma’naviy-ma’rifiy salohiyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

2026-yil 13-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining davlat harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishida ham bu boradagi muhim vazifalar belgilab berilgan edi.

Xususan, yoshlarda milliy g‘urur, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini shakllantirish, ularni har tomonlama yetuk insonlar qilib tarbiyalash ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi.

Mazkur vazifalar ijrosi doirasida Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz, Kakaydi va Xayraobod garnizonlarida joylashgan harbiy qismlarda milliy qadriyatlarni targ‘ib etishga qaratilgan bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, harbiy xizmatchilar uchun baxshichilik va ot sporti to‘garaklari tashkil etilgan bo‘lib, ular yosh askarlarning ma’naviy va jismoniy kamolotida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xayraobod garnizonida joylashgan harbiy qismda faoliyat yuritayotgan baxshichilik to‘garagi bugungi kunda milliy san’atga qiziquvchi o‘nlab harbiy xizmatchilarni birlashtirgan. Ularda xalq dostonlari, milliy kuy-qo‘shiqlar va ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan baxshichilik an’analariga mehr uyg‘otilmoqda. O‘zbekiston xalq baxshilari va tajribali ustozlar tomonidan olib borilayotgan mashg‘ulotlar davomida yoshlar do‘mbira va changqovuz chalish sirlarini puxta o‘zlashtirmoqdalar.

Farg‘ona viloyati So‘x tumanidan harbiy xizmatga chaqirilgan Lazizjon ham ana shunday yigitlardan biri. Harbiy qismda tashkil etilgan baxshichilik to‘garagi uning milliy san’atga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirdi. Bugun u changqovuz va do‘mbira kuylari orqali Vatanga muhabbat, mardlik va sadoqat g‘oyalarini qalbidan his etib, tengdoshlariga ham yetkazib kelmoqda.

Harbiy qismda tashkil etilgan ot sporti to‘garagi ham yoshlarning katta qiziqishiga sabab bo‘lmoqda. Ot minish mashg‘ulotlari harbiy xizmatchilarda chaqqonlik, jasorat, muvozanat va iroda kabi muhim fazilatlarni shakllantirmoqda. Navoiy viloyatidan chaqirilgan muddatli harbiy xizmatchi Azizbek Axmatov bu borada faol ishtirok etib, o‘z mahoratini muntazam oshirib kelmoqda.

Baxshichilik va ot sporti to‘garaklari orqali harbiy xizmatchilar nafaqat milliy merosimiz bilan yaqindan tanishmoqda, balki ajdodlarimizga xos jasorat, matonat va fidoyilik kabi yuksak fazilatlarni ham o‘z qalblariga singdirmoqdalar.

Zero, harbiy kuch faqat qurol va texnika bilan emas, balki ma’naviy yetuklik, milliy g‘urur va Vatanga sadoqat bilan ham belgilanadi. Xayraobod garnizonida amalga oshirilayotgan mazkur tashabbuslar ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, yosh askarlarni har tomonlama yetuk Vatan himoyachilari etib tarbiyalashga munosib hissa qo‘shmoqda.

Akbar Axmedov,
III darajali serjant
Termiz garnizoni

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

JAMIYAT TARAQQIYOTINING MUHIM OMILI

Dunyo miqyosida volontyorlik harakati fuqarolik jamiyatining ajralmas qismi sifatida...

Qonun ustuvorligi va halollik mezoni

Mamlakatimizda barcha sohalarda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsion holatlarning...

Xavf qo‘ng‘irog‘i

Ekologiya sohasidagi korrupsiya oddiy qonunbuzarlik emas — bu tabiatga...

Asosli to‘xtamga kelingan…mi?

Surxondaryo viloyatida yakka tartibdagi tadbirkorning qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)...
KunTun
KunTun