Sifatli ta’lim olish uchun, eng avvalo, zarur shart-sharoit va zamonaviy imkoniyatlar yaratish muhim. Ayniqsa, chekka hududlarda ham shahar maktablaridagidek qulay infratuzilma, zamonaviy o‘quv muhitini shakllantirish bugungi kunning dolzarb talabidir. Chunki aynan shunday sharoitlar yaratilgandagina yoshlardan katta marralar, yuqori natijalar kutish mumkin.
Bugungi kunda ta’lim tizimiga berilayotgan yuksak e’tibor natijasida viloyatimizda ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir. Ana shunday ezgu tashabbuslardan biri Bandixon tumanida ham kuzatilayotgani quvonarli. Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Bandixon tumanida joylashgan 33-sonli umumta’lim maktabida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi. Mazkur hududda umumiy qiymati
3,3 milliard so‘m bo‘lgan, 240 o‘rinli zamonaviy qo‘shimcha bino barpo etilmoqda. Ushbu yangi o‘quv binosi maktabda ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchilar uchun qulay sharoit yaratish hamda sinflardagi yuklamani kamaytirishga xizmat qiladi.
Tashrif davomida qurilish ishlari sifatiga alohida e’tibor qaratilib, mas’ullarga sifatsiz materiallardan foydalanmaslik yuzasidan qat’iy ogohlantirish berildi. Shuningdek, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ishlarni belgilangan talablar asosida davom ettirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. Ta’kidlanganidek, ta’lim muassasasining mustahkam va uzoq yillar xizmat qilishi har bir qurilish bosqichidagi sifatga bevosita bog‘liq.
Yangi bino foydalanishga topshirilgach, o‘quvchilar uchun yorug‘ va keng sinf xonalari, zamonaviy jihozlangan o‘quv auditoriyalari hamda samarali ta’lim jarayoni uchun zarur barcha sharoitlar yaratiladi. Shuningdek, viloyat rahbari maktab o‘quvchilari bilan samimiy muloqot qilib, ularning orzu va rejalari bilan qiziqdi.
— Sizlarning bilimga chanqoqligingiz juda yuqori. Bu — eng katta boylik va biz sizlarning ana shu intilishnigizni qo‘llab-quvvatlashimiz, zarur sharoitlarni yaratib berishimiz kerak. Chunki bugungi bilimli yoshlar ertangi taraqqiyotimizning asosidir, — deya ta’kidladi viloyat hokimi.
Ta’limga qaratilayotgan e’tibor — bu kelajak uchun eng muhim sarmoyadir. Bandixon tumanida boshlangan ushbu ezgu tashabbus ham aynan yoshlar uchun munosib sharoit yaratish, ularning orzularini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi. Sifatli ta’lim va zamonaviy infratuzilma esa, shubhasiz, yurtimiz taraqqiyotining eng muhim kafolatidir.
“Surxon tongi”

