Aholiga sifatli va samarali tibbiy xizmat ko‘rsatishda to‘g‘ri tashxis qo‘yish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar va jihozlar bilan ta’minlangan bo‘limlarni tashkil etish soha rivojining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Termiz tumani hokimi Shuxrat Qalandarov tez tibbiy yordam bo‘limining sobiq binosini rekonstruksiya qilish hamda unda tashxislash va fizioterapiya bo‘limi faoliyatini yo‘lga qo‘yish loyihasi doirasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Ayni paytda binoni moslashtirilgan holda rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida kelgusida zamonaviy tashxislash-diagnostika, mammografiya hamda fizioterapiya xizmatlarini ko‘rsatish rejalashtirilgan. Tuman rahbari qurilish-ta’mirlash ishlarini ko‘zdan kechirib, loyihani amalga oshirish uchun tuman mahalliy budjetidan mablag‘ ajratilishini ta’kidladi. Shuningdek, mas’ullarga ishlarni jadallashtirish, obyektni bir oy muddatda to‘liq yakunlab, foydalanishga topshirish bo‘yicha aniq vazifalar yukladi.

