Mahorati bir maktab edi…

Date:

Har doim ishxonaga kirayotib yoki tushlikka chiqqandami tez-tez Usmonali akaga duch kelib qolaman. Birga ishlagandagidan ko‘ra samimiy va yorug‘ chehra bilan salomlashamiz, hol-ahvol so‘rashamiz. Usmonali akani ko‘rganimda har safar endigina o‘qishni tamomlab, tahririyatga ishga kelgan kunlarim yodimga tushadi. Umr bahorining ayni gulgun davrlarida hayot jo‘shqin tuyulardi. Maqsad va marralarni katta olgan damlar. Tahririyatda esa xotin-qizlardan faqat Ra’no Pardayeva va Aziza Xaldarova ishlardi. Men uchinchisi. Ular bilan vaqt o‘tkazish maroqli. Ammo meni Aziza bilan emas, Usmonali Normatov degan yoshi kattaroq hamkasbimiz bilan bitta xonada o‘tirishimni aytishdi.
Rosti xafa bo‘ldim, o‘ta jiddiy, biroz qo‘rsroq, hatto salomingizga tuzuk-quruq alik ham olmaydigan tushuniksiz odam bilan birga ishlash ijodkor inson ilhomining kushandasidek gap edi.
Na iloj, Usmonali aka bilan birga ishlay boshladik. Deyarli gaplashmaymiz, ammo qaysidir maqolam ma’qul kelsa, xolis fikr bildirib qoladi. Ba’zan urushgannamo muomala ham qilib qoladi. Oldindan nima deyishini bilish qiyin. Ba’zida esa “onajon” deb murojaat qilganida, yomon muomalasini unutib yuboradi kishi.
Men ham cho‘rtkesar, qattiq gapirganga tezda javobini beradigan qiz emasmanmi, Usmonali aka bilan tortishsak, ancha paytgacha gaplashmasdik, salom berganim bilan, boshqa lom-mim demasdim. Ana shunday kunlarning birida qayinota-qayinonam bilan tasodifan suhbatlashib qolgan hamxonam kelinlari bilan birga ishlashlarini bilgach, meni xonasi kelganida boplab yomonlashini taxmin qilgandim. Adashgan ekanman, men haqimda bildirilgan ijjobiy fikrdan keyin xursand bo‘lganman.
Shunday kunlarning birida Ra’no opa: “Usmonali akadan xafa bo‘lmang, o‘zi shunaqa fe’lli, ammo yomon odammas. Ko‘p qiyinchilik ko‘rgan, Yaratgan ham farzand bilan sinadi, shukrki, niyatiga yetishdi, bir-biridan xushsurat, xushfe’l farzandlarni tarbiyalayapti” deb qoldi.
Biroz o‘tib shuni angladimki, mana shunday inson bilan birgalikda ishlaganim omadim bo‘lgan ekan. Sohada qalamingiz charxlanishi, yozishda mahoratingiz oshishi, albatta, sizga ustozlik qiladigan insonga bog‘liq ekan. Usmon aka menga ustozlik qilib, qandaydir nasihat bermagandir, maqola yozishda qanday yondashish kerakligini, mavzu tanlash xususida nimadir demagandir. Ammo ularning yozganlari, yondashuvining o‘ziyoq katta maktab vazifasini o‘tardi. Hatto maqolasini aytib kompyuterda terib berishimni iltimos qilganida ham sinchkovlik, mushohada ila aytganlarini terishning o‘ziyoq eng yaxshi mahorat darsi bo‘lardi.
Hayot tashvishlarisiz, mashaqqat ko‘rmagan bir qizning qarshisida doimo o‘ychan, ba’zida qandaydir formula yozib, uning yechimini izlaydigan odamning qandaydir muammosi bordek tuyulardi. Qiziq, bu nima bo‘lishi mumkin. Nimani bunchalik uzoq o‘ylash, yechimini kalavaning yo‘qolgan uchidek izlash mumkin?! Bu yog‘i menga qorong‘i edi. Hech qachon bu borada savol berishga jur’at qila olmaganman. Yillar o‘tdi, oilali, farzandli bo‘ldim, avval ko‘rinmagan, sezilmagan jihatlar ko‘ndalang bo‘lganida sizni o‘ylashga, kezi kelganida kerakli hisob-kitob qilishga majbur etar ekan, ana shunday kunlarda Usmonali akani tushungandek, kerakli javobni olgandek bo‘lganman.
Qancha bahorlar, qancha yoz-u qishlar o‘tdi. Usmonali aka ham taqdir taqozosi bilan boshqa ishga o‘tib ketdi. Yuqorida aytganimdek, tez-tez ko‘cha-ko‘yda, tadbirlarda ko‘rishib qolganda eski qadrdonlardek quyuq ko‘rishamiz, hol-ahvol so‘rashamiz. Bir insonni kashf qilishga yetgulik muddat esa o‘zini oqlagan…
O‘sha kuni ertalab ishxonaga kelib, kompyuterimni yoqdim, viloyatimizdagi xabar va yangiliklarni kuzatar ekanman, nigohim bir suratga qadaldi, Usmonali akani surati oq-qora rangda berilgan, ostida ta’ziya… qolganini o‘qiy olmadim. Bir lahza shu inson bilan bog‘liq xotiralar jonlanib, bir-bir ko‘z o‘ngimdan o‘tdi. Ammo insonning sira ishongisi kelmaydi. Afsus… shu tobda esa ko‘chada hayot qaynaydi. Kimdir ishga, kimdir qandaydir yumushiga shoshayotgandek, o‘sha odamlar orasida esa xuddi Usmonali aka ham bordek tuyuladi…

Sayyora ALLAYEVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Ipak yo‘lida uyg‘onish”: Surxon jozibasi namoyon

Bugun turizm sohasi nafaqat iqtisodiyotning faol rivojlanayotgan tarmoqlaridan biri,...

To‘palangdan Termizga suv keldi

So‘nggi yillarda yurtimizda aholining hayot sifati va turmush farovonligini...

Halollik — tanlov emas, majburiyat

Korrupsiya ta’lim sohasiga kirib kelganida, u nafaqat moddiy zarar...

Tarixiy ildizlarda yangi hayot nafasi

Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan, asrlar davomida turli sivilizatsiyalar...
KunTun
KunTun