Prezidentimiz tashabbusi bilan hududlarda “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman” va “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” loyihalari asosida “Taraqqiyot va yetakchilik maskani” dasturi amalga oshirilmoqda. Ushbu dastur doirasida Surxondaryo viloyatidagi 30 ta og‘ir mahallada infratuzilmani yaxshilash ishlari izchil davom etmoqda.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov dastur ijrosini o‘rganish maqsadida Boysun tumanidagi “Boshrabot” mahallasida bo‘lib, hududda infratuzilmani takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Mahalla tog‘li hududda joylashgan bo‘lib, yo‘l, kommunal xizmatlar va irrigatsiya tarmoqlari uzoq yillardan buyon ta’mirtalab holatda. Viloyat rahbari mahalla ko‘chalari bo‘ylab o‘rganishlar o‘tkazib, aholi bilan muloqotda mavjud muammolarni atroflicha ko‘rib chiqdi.
Hududni “Yangi O‘zbekiston qiyofasi”dagi mahallaga aylantirish maqsadida qator ustuvor vazifalar belgilandi. Jumladan, ichki yo‘llarni ta’mirlash va asfaltlash, ko‘chalarni tartibga keltirish, kommunal va irrigatsiya tarmoqlarini yangilash, ariqlarni betonlash hamda suv ta’minoti orqali aholining tomorqadan samarali foydalanishi uchun shart-sharoit yaratish vazifalari topshirildi.
Shu bilan birga, ijtimoiy reestrdagi oilalar xonadonlarida va ijtimoiy soha obektlarida sharoitlarni yaxshilash, mahallaning imkoniyatlaridan kelib chiqib tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Bunda barcha ishlar mahalla faollari va nuroniylar bilan maslahatlashgan holda, avvalo aholini qiynab kelayotgan dolzarb muammolarni hal etish asosiy yo‘nalish etib belgilandi.
Shuningdek, mahallada tadbirlar va marosimlar o‘tkazish hamda aholiga xizmat ko‘rsatishni o‘z ichiga olgan yangi obekt foydalanishga topshirildi.

