Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda chiqindilarni qayta ishlashni kengaytirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi loyihasiga ko‘ra, mamlakatda bir qator tovarlarga ekologik yig‘im joriy etiladi.
Birinchi bosqichda ekoyig‘im batareyka va akkumulyatorlar, transport vositalari, yog‘lash materiallari, turli turdagi upakovka, shina va rezina kameralar, shisha mahsulotlariga tatbiq etiladi. Bu chora ishlab chiqaruvchilarni o‘z mahsulotlari chiqindilarini qayta ishlash va utilizatsiya qilishga majbur qiladi.
O‘zbekistonda har yili 14 million tonna maishiy chiqindi hosil bo‘ladi, qayta ishlash darajasi esa hozircha 5 foiz atrofida. Qog‘oz, plastik, rezina, shisha va to‘qimachilik qoldiqlarini qayta ishlash orqali yiliga 1 trillion so‘mlik xomashyo olish mumkin. Shu bilan birga, qurilish, kimyo, elektronika, texnik chiqindilar va sanoat yog‘larini qayta ishlashda ham katta salohiyat mavjud.
Statistikaga ko‘ra, mamlakatda yiliga 144 ming tonna elektron chiqindi, 1,8 million tonna plastik, 647 ming tonna shisha, 250 ming tonna yog‘ va 217 ming tonna rezina chiqindisi hosil bo‘ladi. Hozir shina chiqindisini qayta ishlash darajasi — 17 foiz, shishaniki — 6,3 foiz, plastmassaniki esa 11,2 foiz.
Loyihada, shuningdek, qurilish shishasiga utilizatsion yig‘im joriy etish ham ko‘zda tutilgan. Bu chiqindilarni qayta ishlash xarajatlarini qoplash va tegishli infratuzilmani yaratishga yo‘naltiriladi. Har yili O‘zbekistonda 408 ming tonna shisha chiqindisi yig‘iladi, biroq ularning faqat 9 foizi qayta ishlanadi.