Ehtiyoj bor, ehtiyot bo‘ling!

Date:

G‘iybatdan tavba qilib ne topdim, aslida, so‘zning asali g‘iybat-da! “Kuningdan bir kuning qolsa ham, pulingdan bir so‘ming qolsa ham…” deydigan elning bir vakiliman-u shu oshning ustida kechadigan g‘iybatdan huzurlanaman. Bay-bay! Oting o‘rgilsin, g‘iybatchining “pushkasi”ga ilingan va qizg‘in suhbatimizdan so‘ng begunoh farishtaga aylanadigan insonlarning boriga shukur! Bugun men ham o‘z gunohlarimga Sizni sherik qilib, bir g‘iybat-lashaylik dedim… Xoh ishoning, xoh ishonmang, men yuziga ham ayta olaman-u lekin hozir yonimizda emas-da. Kutib o‘tiramanmi?! Boshladik…“Yolg‘onchining kiyimi tez hid oladi”
Mening onam bilan dadam 70 yillik yolg‘on bilan ulg‘aygan. Ularga hali ham gap uqtirib bo‘lmaydi gohida. Gugurtning tekin ekani-yu buxanka yemay nag‘ma qilgan odamlarning to‘qligidan baxtli ekani bilinib turgani haqidagi uzundan uzoq ma’ruzalarni biz haligacha eshitib o‘ttizdan oshib qo‘ydik. Lekin negadir bizni boshqacha qarashdagi ustozlar o‘qitdi — biz o‘sha davrni yomonlab, shikoyatlab, kimnidir la’natlab Vatanni sevdik… Momom rahmatli gapni topib aytardi: “Yolg‘onchining kiyimi tez hid oladi”. Yolg‘oni chiqib qolishidan xavotirlanib yurgan odamning peshonasi sho‘r bo‘lib, kiyimi namlanar emish… Shunda kim yolg‘onchi?!
Men anglagan haqiqat esa baxt qorin bilan aslo bog‘liq emas, lekin qorinsiz ham baxt bo‘lmagay.
— Ishonasizmi, kitob o‘qimaganimga yil bo‘lyapti, — deya ma’naviy holatimdan yozg‘ira ketdim…
— Kitob… Kitob o‘qishga vaqt qayoqda deysiz? — dedi tanishim.
Lekin sal avvalroq uning yosh avlodga kitob o‘qishga doir otashin nutqini olqish-lar bilan tinglagandim. Keling, shuni g‘iybat qilaylik. Qulog‘im ostida momomning qarg‘ishlaridan bir parcha eshitilgandek bo‘ldi: “Chayna, achchiq ichakdek cho‘zib, birovning gunohini to‘k. Og‘zing-dan qoning kelib, ko‘zing tuproqqa to‘lar payt ham chaynagin. Kafanligingni rangidan noli, odamlarning o‘qigan fotihasidan ham ayb top”. Rosti-
ni aytsam, bu momom-ning qarg‘ishi emasdi. Bir hamkasbimning yozish uslubi shunday edi. Ko‘chirmakashlik qildim. Xudoning o‘zi kechirsin. Momom bechora tili tanglayiga tegmay o‘zbek folkloridagi eng sara qarg‘ishlarni bilardi-yu… Ammo biz notavonlar zarrasini ham eslab qolmabmiz. Hayronman, unda Amir Temurning kalla suyaklari ustida taxt qurib o‘tirgani haqidagi voqeani qanday eslab qolishdiykan-a? Boyqaroning alkashligini, Boburning qo‘rqoqligini qayerdan bilishdiykan… Ha, ana shunaqa gaplar. O‘qigani, oliy ma’lumotga egalari davralarda yolg‘on so‘zla-yapti, o‘qimagani, o‘qishni-yu uqishni istamagani eskicha “tanglayi ko‘tarilgan tarix” bilan yashayapti. Kimga ishonay ekan?!
Ba’zi odamlar g‘iybat qilishga ham arzimaydi. Shunga bu beyoqimga aytilgan so‘zim hayf. Keti boshidan oshsin. O‘qiydimi, o‘qimaydimi, o‘zi javobini beradi.


“Qahhor domla bilib aytganlar”


Shu desangiz, men to‘rtta xorijlik, to‘rtta rus, to‘rtta o‘zbekcha kitobning nomini va qisqacha tavsifini o‘qib olganman, og‘zim ko‘pirib maqtayman. Menga notanish kimnidir aytib qolishsa, yerga uraman, yerdan olib yana yerning qa’riga uraman. Aytadilar-ku, “bir zarbada tizzalarigacha” deb… Men xizmat taqozosi bilan ko‘plab adabiyot muallimlari bilan gaplashib qolaman-da, e, hali endi-endi nimadir qoralab yurgan paytlarim yozgan bir maqolamdan jo‘shib gapirib, meni havolantirishadi-da, achchiq-tiziq savollarimdan qutulmoqchi bo‘lishadi. Koshki, men tishlagan joyimni qo‘yib yuborsam… Abdulla Qahhor zo‘r kuzatgan-da, Xudo rahmati. Hozirgi adabiyot muallimlari haqida yarim asr avvallar “Adabiyot muallimi” degan zo‘r hikoya yozgan-da (Buniyam kimdandir eshitganman chog‘i). Aravani shunchalik shag‘irlatib olib qochadiki, savol enasining etagida qolib, otasining paytavasi haqida gapirib yotadilar. Bir kuni deng, bopladim. Kichkinalarimga ertak o‘qiydigan odatim bor (o‘zim tezda uxlab qolish uchun o‘qiyman). Shunda “Qizil shapkacha” Sharl Perro tomonidan ishlanganligi haqida yozilgandi. Bu qarilik nuqsi urgan miyamda hali ham xotira degan “fleshka” tiq etmay ishlayapti. Kecha yegan ovqatini eslay olmasa-da, mana shunday ma’lumotlarni xotiraga muhrlaydi.
— “Qizil shapkacha” bor-ku… deya gap boshlagan adabiyot o‘qituvchisiga javoban…
— Perro ishlagan variantimi yoki Grimmlarning variantini aytyapsizmi? — dedim xuddiki jahon ertaklari bilimdoni kabi…
— I-ye, hali u xalq ertagi emasmi?
Ana kun tug‘di, atrofdagilarning oldida uning qitig‘patiga shunday tegdimki, bu uning uchun umrboqiy dars bo‘ldi. Yana soddaligi qursin, bir kuni tag‘in mening qarmog‘imga ilinib tursa deng.
— “Maugli” haqida attestatsiyada savol berishdi. Endi bir kami multfilm ko‘rishimiz qoluvdi, — deydi “dono” muallim.
— Kiplingning “Jungli kitobi” darslikka kiritilganmi? — desam.
— Ha, kiritilgan. Mustaqil o‘qish uchun berilgan. Aytganday, “Jungli kitobi” Maugli haqidami? — deydi.
Atrofdagilarning: “Ustoz, siz emas adabiyotni bu kishi o‘tsinlar”, degan gapidan shunday g‘ururlandimki, asti qo‘yaverasiz. Rostiyam-da, shular-dan ko‘ra yaxshiroq bolalarni alday olaman, bilsangiz. Shularni ko‘rib, hattoki o‘z qiyofamda ham Qahhor domlaning “Boqijon Baqoyev”ini ko‘rgandek bo‘laman-da.
Shu-shu, menga aytilgan gapni butun koinot eshitganidek, asl g‘iybatchi emasmanmi, hamma bildi, hatto siz ham bilib o‘tiribsiz. Mazza qilaman-da, Siz ham shunday huzurlanasizmi?


“O‘zbeklarning otasi noma’lum!”


O‘z dunyosi bilan band bo‘lgan kezlarida odamni tanho qoldirish ham mard insonning qo‘lidan keladi. Lekin shunday mardga bir ehtiyojim borki, na tugaydi, na mard topiladi. Sizdayam shundaydir, buyog‘i “jilovuq (yig‘loqi)” bolangizning arillagani bilan dunyongiz zulmat bo‘lsa, buyog‘i kunda qilgan-qilmagan ishlaridan va’z o‘qiydigan bulbuligo‘yo xotiningiz bo‘lsa, meni tushunasiz aniq. Bir kuni mening oliy ta’lim istar jufti halolim qiziq fakt va otashin aforizm topib kelibdi. Saralab olingan, bo‘lg‘usi PhD, ustozi komil shunday deb so‘rabdilar: “Nima uchun “ona vatan” deymiz, turklar “ota turk” deydi?” Hali murg‘ak, XXI asrning ilk yillarida tug‘ilgan bo‘lg‘usi adabiyot muallimlarining o‘ta zukko, tadqiqotchi va “ulug‘” ustozi savolga tayin javob ola olmagach, o‘zlari ilhaq turgan talabalarga javoblarini “sadaqa qilibdilar”.
— O‘zbeklarning otasi noma’lum. Chunki faqat bu hududni bosib olishgan. Turkiyada esa teskarisi. Hech kim bosib olmagan. Shu sababli Ota turk deyishadi.
Og‘zidan ona suti ketmagan norasidalar qarsak chalishdan nari-beri o‘tirishganiga ishonaman. Lekin hech kim “Otaturk” degani “ona vatan” singari ibora emas, u tarixiy shaxs demaganiga ishonaman. Chunki mening shu o‘zanda suzib yurgan rafiqam ham bu haqida mendan bildi. Men ham bu fikrning yashovchanligini oshirish maqsa-dida: “Ustozing bilan Muhammad Yusuf hamfikr ekanlar. Shu sababli ham shoir “ona vatan” degan iborani qo‘llashni yoqtirmagan. “Otasi noma’lum millat” vakili bo‘lishni aslo istamagan, g‘ururi baland ijodkor Muhammad Yusuf “O, ota makonim, jonajon o‘lkam…” deydi she’rlarida”, dedim. Qarang, qanday donoman. Ammo mendan ham dono, millat tarixini yozayotgan mana shunday ustozlar qo‘lida “adabiyot muallim”lari yetishib chiqayotir. Afsus…
Menimcha, bu kabi ustozlar adabiy jarayonlarni ham faqat atama sifatida o‘rgangan esa, ajabmas. “Usta va Margarita”ni tushuniksiz, “Qizil va qora”ni shahvoniy, “O‘tkan kunlar”ni ikkixotinlik fojiasi deb baholaydigan muallimlar univer-sitetda saboq berar ekan, maktablarimizda Zahiriddin Muhammad Boburni Bobur Bobomuroddan ajrata olmaydigan avlod ulg‘ayishi tabiiy (Zo‘r gap bo‘ldi. Bu gapni Instagram sahifamga qo‘yib, “udar” musiqa qo‘ysam bormi? Aslida bu asarlarning faqat nominigina bilaman, xolos).

Pashsha qo‘rimasdir-ov…


“Kitobxon maktab” degan tanlov borligini eshitdik, darsimizni ham fanimizdan bexabar ustozga topshirib (maktablarda bu odatiy hol. Topshiriq kechqurun soat 5-6 larda guruhga tashlanadi. Ertalab biror-bir bola-yu muallim tanlanadi va manzil tomon otlaniladi), tanlov bo‘ladigan maktabga ketdik. Borsak, birin-
chi shart — tanishtiruv ekan. Biz shartlari borligini ham bilmaymiz. Shartta — improvizatsiya. “Salomim so‘lim-so‘lim” bo‘ldi, ta’zim bo‘ldi, o‘zimiz olib borgan uch-to‘rtta bolaning gumbura-qars chapaklari-yu hushtakbozligidan so‘ng sahnadan tushdik. Qarasak, eng yuqori ball. Chunki qolganlar tomdan tarasha tushganday — tayyor emas. Biz esa bo‘sh kelmasdik. Ikkinchi shart — savol-javob. Matn o‘qiladi. Siz esa shu matndan qaysi asar haqida gap ketayotganligini aytishingiz kerak. Bizga “dostonsifat” bir balo tushdi deng. Tavakkaliga “Kuntug‘mish” dedik. To‘g‘ri chiqdi. Peshonamdan aylanay, gapga o‘qiganim foyda berib, maktab paytida esimda qolgan nima bo‘lsa gapirdim. Uchinchi shart — sahna ko‘rinish. Biz tayyor emasmiz. Qo‘lni qo‘lga berdik-da: “natijalar sotilgan, bizga atay past ball qo‘ydingiz, sizlar doim shunday qilasizlar”, deb obro‘ borida tanlovni tark etdik. Qaytishimizda bo‘lgan voqea hammasidan oshib tushdi:
— “Kuntug‘mish” qiziq doston ekan-a?
Bu ovoz bizning kutubxonachimizning ovozi edi. U kun uzog‘i kutubxonada nima qiladi? “Kuntug‘mish”dan bexabar bo‘lsa, kitobni kuyadan himoya qiladi xolosmi? Bolalarimizga nima kitob tavsiya qilmoqda ekan? Xayoliga kelgan kitobni berib yubormoqdami? Pashsha qo‘riganidan charchagan payti kitob o‘qimaydimi? Aslida u nima uchun kutubxonachi sifatida ishga olingan? Bunday kutubxonachi bilan qanday qilib “Kitobxon maktab” bo‘lish mumkin.

Bilgan go‘riga g‘isht qalab…


Ey, shunday qilib, men bir narsaga guvoh bo‘lmay, hamma biladi. “Ko‘nglim bo‘sh-da, ko‘zim go‘shtda”, der edi mashoyixlar, muarrixlar, mutarjimlar, mulozimlarmi — kimdir. Har qachon ko‘ringanni obdan chaynayman, keyin mazasi ketgach, saqichday tupurib tashlayman. Hozir aytganlarim Sizga tanish bo‘lsa, men ham sizga tanishman. G‘iybatlarim marka-zida bo‘lganlardan uzr so‘rayman. Iltimos Sizdan, nimadir o‘qing, kitob bo‘lmasa, kitob haqidagi nimadir. Agar, Xudo ko‘rsatmasin, menga duch kelganingizda mana shunday o‘qimaganingizni bilib qolaman-ku, sharmandangizni chiqaraman. Chin so‘zim. Hali bu maqolani men g‘iybat qilganlarga bittama-bitta tarqatishim kerak. Kamiga obuna ham bo‘lmaganman. Nimadir qilishim kerak.

O‘QIRMON

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Yoshlar turizm ko‘chasi” ochildi

Muzrabot tumanida yoshlarga bag‘ishlangan yangi ezgu tashabbus — “Yoshlar...

Tezlik 150 km/soatga yetadi

O‘zbekistonda qurilayotgan pulli yo‘llarda ruxsat etilgan maksimal tezlik 150...

Adabiy uchrashuvda

Oltinsoy tumanidagi Axborot-kutubxona markazida mashhur shoira, “Oltin qalam” mukofoti...

142 murojaat koʻrib chiqildi

Surxondaryo viloyatida fuqarolar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish va...
KunTun
KunTun