Tojikiston Respublikasining Xatlon viloyati, Kulob shahrida “Xatlon — turizmning qaynoq yuragi” mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro turizm forum-ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda Xitoy, Koreya, Eron, Rossiya, Qirg‘iziston, Turkmaniston kabi o‘nga yaqin davlatdan turizm sohasi vakillari, shu jumladan, O‘zbekiston nomidan Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari delegatsiyalari ham faol ishtirok etdi. Tadbirning tantanali ochilish marosimida hududning boy turistik salohiyati va sayyohlar uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida atroflicha ma’lumot berilgan bo‘lsa, Xatlon viloyatidagi tarixiy obidalar, milliy hunarmandlik va urf-odatlarga bag‘ishlangan ko‘rgazmada Boysun tumani “Shalola” folklor-etnografik xalq ansambli san’atkorlari, baxshi va raqqosalar o‘zbek milliy an’analari aks etgan chiqishlari bilan mehmonlar e’tiborini tortdi. Albatta, urf-odatlari, an’analari o‘xshash ikki davlatning o‘zaro qo‘ni-qo‘shnichilik, qon-qarindoshlik rishtalari mustahkam bog‘langan bo‘lib, O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlarining tashabbusi bilan hamkorlik, yaqin birodarlik aloqalari keyingi yillarda yangi bosqichga ko‘tarildi. Davlatlarimiz o‘rtasida turli sohalarda o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish yuzasidan qabul qilingan “yo‘l xaritasi” doirasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, mamlakatimizning Surxondaryo vohasi bilan Xatlon viloyati o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar kabi yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida bitim qabul qilinganligi fikrlarimiz tasdig‘idir.
O‘tgan yili Surxondaryoga Xatlon viloyatidan o‘n mingga yaqin sayyoh kelgan bo‘lsa, minglab surxondaryoliklarning Xatlonda bo‘lishgani ikki tomonlama aloqalar mustahkamligidan dalolat beradi.
Xalqaro forumda Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti rektori Oybek Ro‘ziyev, Qashqadaryo viloyati turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shahzoda Xidirovalar mamlakatimiz, shuningdek, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarining boy turistik salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotini o‘tkazdi. O‘zbekistonning boy tarixi, madaniy meros obyektlari, agro, eko, tibbiyot, gastronomik turistik manzillari haqidagi videolavhalar namoyish etildi. Mazkur taqdimotlar xalqaro forum qatnashchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
E’tiborlisi, forum doirasida Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti Xatlondagi qator oliy ta’lim muassasalari bilan turizm sohasi va boshqa yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash, o‘zaro tajriba almashish yuzasidan memorandum imzoladi. Qator kompaniyalar ikki viloyatning eng jozibador turistik manzillariga sayyohlarni jalb etish yuzasidan kelishuvlarga erishdi.
Qamrovi keng, aloqalari mustahkam, do‘stligi abadiy
Date: