Partiyalar xalq manfaatini ko‘zlaydi. O‘z saylovoldi dasturidan kelib chiqib, muammolarni yechishga, aholi hayotini farovonlashtirishga intiladi. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining ham o‘z yo‘li, o‘z maqsadi bor. U ijodkorlarni, ziyolilarni, ko‘ngil ko‘zi ochiq insonlarni bir maqsad yo‘lida birlashtirib, ularni jamiyatda, siyosiy maydonda o‘z o‘rnini topishiga yordam beradi. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi 30 yildan buyon o‘z elektorati va millat manfaatini himoya qilib kelayotir. Bu yillar beiz ketmadi, albatta. Viloyat kasaba uyushmasi binosining katta majlislar zalida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat Kengashi tomonidan partiya tashkil etilganligining 30 yillik bayrami munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda o‘tgan vaqt davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.
Har bir ishda tahlil va sarhisob usullari kelgusidagi faoliyatni maqsadli rejalashtirish va yanada yuqori samaradorlikka erishish uchun muhim omil bo‘lib hisoblanadi. Amalga oshirilgan ishlar haqida keng jamoatchilikni xabardor qilish, qolaversa, natijalarga tanqidiy ko‘z bilan qarash hamda kamchiliklar, istiqbolli vazifalarni bajarish imkonini oshiradi.
— Partiyaning saylovoldi dasturidan kelib chiqib, g‘oya va vazifalarini targ‘ib qilish, xayrixohlarni ko‘paytirish borasida “Milliy tiklanish” partiyasi viloyat Kengashi qator natijalarga erishilmoqda, — “Milliy tiklanish” DP viloyat kengashi raisi S.Abduraimov. — Jumladan, aholi o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy, huquqiy-siyosiy, Qonun va hukumat qarorlari, Prezident ma’ruzalarining targ‘ibotiga qaratilgan davra suhbati va uchrashuvlar o‘tkazilib, mazkur tadbirlarda aholi qamrab olinmoqda. Bugungi kunda viloyatda partiya a’zolari soni 49 002 nafar bo‘lib, shundan 5 243 tasi badal to‘lovchilar hisoblanadi. A’zolarning 32 363 nafari talabalar, 2435 nafari boshqa millat vakillaridir. 15 nafarini fan doktorlari, 34 nafarini fan nomzodlari tashkil etadi. Shuningdek, viloyatda 740 ta boshlang‘ich partiya tashkilotlari mavjud.
“Uyma-uy” loyihasi doirasida aholi, ayniqsa, ayollar murojaatlarini o‘rganish yuzasidan tizimli ish tashkil etilgan, bo‘lib o‘tgan davr mobaynida 600 tadan ortiq aholi xonadonlariga tashrif buyurilib, xotin-qizlar tomonidan bildirilgan 274 tadan ortiq muammoli holat tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ijobiy hal etilgan. Bundan tashqari, “Xizmat — beminnat” loyihasi doirasida — “Ayollar qanoti” tomonidan xotin-qizlarni bepul kasb-hunarga o‘rgatishga qaratilgan, “Ustoz-shogird” an’analarini rivojlantirish maqsadida, mahallalarda istiqomat qilayotgan “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan vaqtincha ishsiz xotin-qizlarni qo‘shimcha bepul kasb-hunarga o‘rgatishga yo‘naltirilgan 9 ta yo‘nalish bo‘yicha to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Sport, musiqa, tikuvchilik, kompyuter savodxonligi, qandolatchilik kurslariga uyushmagan xotin-qizlar qamrab olingan.
Yana bir e’tiborli jihat, 2024-yil yakunida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatligi uchun o‘tkazilgan saylovlarda partiya tomonidan nomzodi ilgari surilgan 6 nafar nomzodning 2 nafari Qonunchilik palatasi deputatligiga saylandi. Bugungi kunda partiyaning viloyat, shahar va tuman kengashlarida 99 nafar deputat faoliyat olib bormoqda.
Shuningdek, so‘zga chiqqanlar amalga oshirilgan ishlar, mashaqqatli, sinovli kunlar bilan birga yorqin xotiralar haqida ham to‘xtalishdi.
Tadbir so‘ngida partiya fidoyilari munosib taqdirlandi.
Viloyatimiz bo‘ylab partiya tashkil etilganligining 30 yilligi keng miqyosda bayram qilinmoqda.
Osiyo G‘OZIYEVA