Inson dunyoga kelar ekan, uning ma’naviy barkamol bo‘lib voyaga yetishi uchun to‘g‘ri tarbiya nechog‘lik muhim bo‘lsa, oilaviy muhit ham shunchalik ahamiyatlidir. To‘g‘ri tarbiya esa, albatta, ma’rifatli
va madaniyatli oiladan boshlanadi. Chunki oila poydevori mustahkam bo‘lsa, unda tarbiya ko‘rib voyaga
yetgan insonning e’tiqodi but bo‘ladi.
Balki shuning uchun ham pir-u komillar duolarida: “Qo‘shganing bilan qo‘sha qari, farzandlaring qobil bo‘lsin, ularning rohatini ko‘rgin, yaxshi kelin-kuyovlar ato etsin”, degan niyatlar mujassam. Bu shunday niyatki, ixlos va amal qilsangiz, albatta, ijobat bo‘ladi. Zero, fazilatli insonlarning hayotiy tajribalaridan xalq pedagogikasida foydalanish, barkamol inson tarbiyasida muhim deb o‘ylayman. Otamning jonli, hayotiy va ayni paytda aniq faktlarga asoslangan hikoyalari nafaqat oilamiz, balki vohamiz tarixini bilib olishda, bu zaminda yashab o‘tgan ayrim taniqli insonlar qilib ulgurgan ezgu ishlar to‘g‘risida aniq ma’lumotlar olishda ham asqatadi. Ularning hikoyalarini tinglar ekanman, ko‘nglim yorishib boraverardi. O‘zimdagi nuqsonlarni ham, bor fazilatlarni ham yanada yorqinroq bir nur ta’sirida qayta ko‘rayotganday bo‘laverardim. Hayotga,
ijod va izlanishga ishtiyoqim ortib, vujudim kuchga to‘lib borayot-ganday tuyulaverardi. Chunki otam so‘zlay-digan har bir hikoyatda, qiladigan har bir ishida hayotning asl ko‘rinishlari va o‘ziga xosliklari namoyon bo‘lar edi. Bunday ibratli hikoyalarni tinglay turib, beixtiyor o‘z-o‘zingga chetdan nazar tashlaysan, kishi.
Otam tarbiya bobida bizga namuna edilar. U kishining har bir ishda tartiblilik, tizimlilik, berilgan topshiriqlarning natijasini nazorat qilish, ilmga chanqoqlik, kamtarlik, mehmondo‘stlik, do‘stlikni qadr-lash kabi fazilatlari bizga ibrat edi.
Otam bizga motivatsiya berishni xush ko‘rardilar. Bajargan har bir ishimizdan so‘ng “yasha, bolam, uddalashingni bilardim”, “senga ishonaman-da”, “g‘ayrat qil, bu boshqa gap” kabi rag‘bat so‘zlar bilan siylanardik. O‘quvchilik va talabalik yillarimizda o‘quv yilini “a’lo” baholarga tugatsak yoki tahsinga sazovor biror natija ko‘rsatsak, albatta, arzirli sovg‘a yoki sayohat bilan rag‘batlantirardilar.
Nazorat qilish metodi — otam juda muhim deb hisoblagan metod edi. Har bir ishimiz nazoratda bo‘lardi. O‘quvchilik kezlarimizda vaqtlarining tig‘izligiga qaramasdan, maktabda ota-onalar yig‘ilishi bo‘lishini ham kutmasdan vaqt ajratib, maktabga tez-tez bizning o‘qish va tartibimizni nazorat qilish uchun borardilar.
Biz farzandlar, nabiralar qilgan noto‘g‘ri ishlarimiz, xatti-harakatlarimiz uchun jazolash metodi juda chiroyli tarzda qo‘llanar edi. Shu o‘rinda bir voqea esimga tushdi. Hovlimiz orqasidagi ariq bo‘yida tol o‘sardi. Bir kuni jiyanimning o‘ynab yurib shu tolning bir shoxini sindirayotganini ko‘rib turgan otam jiyanimni sekingina yonlariga chaqirib, bosiqlik bilan, nima qilganini, tolning shoxi unga nima uchun kerak bo‘lganini so‘radilar va jiyanimning qo‘lini asta-sekin qayira boshladi. “Bobojon, qo‘lim og‘riyapti”, deya ko‘zidan yoshlari qalqib chiqqanini ko‘rgan otam: “bolajonim, sen o‘sha tolning shoxlarini sindirayotganingda xuddi shunday qayirding. Lekin unda og‘riganini aytadigan zabon yo‘q”, dedilar. Jiyanimning yoshi bugun qirqdan oshgan bo‘lsa-da, har gal shu voqeani eslaydi. Bu tushuntirish metodi barcha nevaralar uchun dars bo‘ldi.
Otam ilmda, lavozimda, martabada yetarlicha yuqori darajaga erishgan bo‘lsalar-da,
o‘ta kamtar inson edilar. Doimo oddiy xalq orasida yurib, ularning suhbatlarini olar, uyimizda mehmon arimasdi. Kutilma-ganda mehmon bilan kirib kelganlarida, onam ogohlantirib kelishsa, durustroq ovqat qilib qo‘yishlarini aytib koyisalar, “qiziq odam ekansan-ku, mehmon ochligidan kelmaydi. Topganingni qo‘yib, shirin so‘zing va ochiq yuzing bilan qarshi ol”, der edilar. Shohona sharoit, to‘kin dasturxon, dabdabali tadbirlar hayotning mazmunini tashkil qilmasligini bizlarga bot-bot uqtirardilar.
Xizmat taqozosi yoki insoniy burchni bajarish ehtiyoji bilan juda ko‘plab davralarda bo‘laman. Dilkash, pokiza insonlarning gurunglariga oshno bo‘lib, jonli hikoyalarini tinglayman. Bunday suhbatlarda otam haqida so‘z ketarkan, albatta, iliq fikrlar eshitaman. Bundan faxrlanaman. Darhaqiqat, otam Xolmurod bobo Jo‘rayev butun umri davomida xalq bilan hamnafas, hamfikr bo‘lib yashab keldilar. Bu fidoyi insonni qaysi qishloq yoki tumanga, shaharga, viloyatga bormang, tanimagan kishi yo‘q edi. Bunday hurmat va e’tirofga otam fe’lidagi insonlarni tinglashni bilishi, kuyunchaklik, beoromlik, kishilar koriga yarashga hamisha tayyorlik kabi qator ezgu fazilatlari orqali erishganlar.
Oila davrasida hammamiz jam bo‘lganimizda chiroyli suhbatlar, mushoiralar, tarixiy voqealar tafsilotlari, she’rxonliklar, qiziqarli hazil-mutoyibalar bo‘lardi. O‘shanda otam bizning fikrlarimizni shoshmasdan oxirigacha tinglardilar va yana bir necha daqiqa jim kutib turardilar. Fikrimizni tugatganimizga amin bo‘lgach, kutganimizdan-da a’lo darajada javob qaytarardilar. Gohida fikrimga javob kutib, ichimda: “otam bunchalar bamaylixotir”, degan fikr kelardi. Keyinchalik angladimki, otamda tinglash madaniyati yuqori ekan.
Otam ilmli, savodxon, izlanuvchan inson bo‘lib, o‘zbek tilidan tashqari rus, turkman, tojik tillarida xatolarsiz gapirib, xatosiz yozardilar. Xalq og‘zaki ijodini hamda o‘tkir syujetli detektiv asarlarni mutolaa qilishni xush ko‘rardilar. Kutubxonalari juda katta va boy bo‘lib, u yerda tarixiy, ilmiy, o‘quv va badiiy adabiyotlar o‘z o‘rnida, kartoteka asosida taxlangan edi. Xonalarini yig‘ishtirishga kirganimda, ish stolidagi narsalarga tegmasligim, ularning joyi o‘zgarmasligi kerakligini tayinlardilar. Yotoq o‘rinlarini qayta to‘g‘rilaganimda, yostiq tagida har safar har xil badiiy kitob bo‘lardi.
Bo‘sh vaqtlarida boshidan o‘tgan kechmishlarini qog‘ozga tushirib ketganligining o‘zi biz farzandlari uchun katta saboq, ulkan tarixiy manbadir. Otam ko‘rinishidan salobatli, susti bor, qahri qattiq insonga o‘xshasalar-da, aslida juda ko‘ngli bo‘sh, rahmdil, kuyunchak, qiynalgan insonlar koriga yarash kabi hammaning ham qo‘lidan kelmaydigan noyob xislat sohibi edilar. Har gal otamni eslasam, shoir Bobur Bobomurodning “Otani asrash kerak” deb nomlangan quyidagi she’ri xayolimdan o‘ta boshlaydi:
Boriga qilgin shukr, rozi etgin bir umr,
Duosini ol, Bobur, otani asrash kerak.
Negaki ushbu she’rda yoniq bir tuyg‘u bilan shoir otani asramoq aslida Vatanni, millatni, bir so‘z bilan aytganda, Vatan va millatni barqaror etuvchi xotirani asramoq hamda e’zozlamoq har birimiz uchun muqaddas burch ekanligini ta’kidlaydi. Ezgulik, saxovat va halollikni, fidoyilik hamda mehnatsevarlikni umri mazmuni deb bilgan inson — otamning bosib o‘tgan yo‘llari biz uchun namuna, davomchilarga dars hamda o‘rnak bo‘la oldi.
Adolat Jurakulova,
TerDU dotsenti