Uyda chiroq o‘chdi. Birinchi navbatda, bu holat uyimiznigina emas, butun bir hayotimizni qorong‘ilikka burkagandek bo‘ladi. Elektr energiyasisiz juda katta cheklovlarga duch kelamiz.“Suv tekin emas” degan shior hayotiy qoidamizga aylana boshlaganidek, suv qatori boshqa tabiiy resurslar ham tekin emasligini unutmasligimiz kerak. Masalan, elektr energiyasi. Hech tasavvur qilganmisiz, elektr energiyasi qanday ishlab chiqariladi-yu bizgacha qanday yetib keladi. Ma’lum tasavvurga ega inson tejamkor iste’molchi bo‘lishi aniq. Boshqalarni ham tejamkorlikka chaqirgan bo‘lardik.
Dunyoning ko‘plab davlatlarida elektr energiyasi taqchilligi kuzatilayotgan, narx-navosi oshayotgan bir paytda, energiya samaradorligi va tejamkorligiga erishish ham har birimizning oldimizda turgan katta burch va vazifaga aylanishi shart. Bu borada zaruriy chora-tadbirlar belgilanib, amaliy sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Shunday ekan, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish foydadan xoli bo‘lmaydi. Mana shunday paytda ijtimoiy tarmoqlarda elektr energiyasida tez-tez, muntazam uzilishlar bo‘layotgani haqida e’tirozlarni o‘qish mumkin. Bunga javoban aholining fig‘oni falakka ko‘tariladi. Albatta, iste’molchi haq. Ammo biz iste’molchi sifatida elektr energiyasidan qanday foydalanyapmiz? Bu tomonidan gap ketganda, ijtimoiy tarmoqlar ham sukunatga cho‘mishi aniq. Qachonki, tomonlarda muvozanat kuzatilar, elektr energiyasidan foydalanish madaniyati har birimizda shakllanar ekan, sohada muammo ham, uzilishlar ham kuzatilmaydi.
XX asrda dunyo iqtisodiyotining jadallik bilan rivojlanishi, issiqlik energetika resurslarini yanada ko‘p sarfini talab qildi. 1973-1974-yillardagi energetika taqchilligi, ko‘p mamlakatlarni muqobil energiya manbalaridan foydalanish kerakligi to‘g‘risida o‘ylab ko‘rishga va issiqlik energetika resurslaridan tejab-tergab foydalanishga majbur qildi, bu esa ko‘p davlatlarni o‘z-o‘zini energiya resurslari bilan ta’minlash darajasini oshirdi. Lekin, hozirda barcha Yevropa davlatlari uchun energetika muammosi dolzarb bo‘lib qolmoqda, chunki Yevropaning ayrim davlatlarida o‘z resurslari bilan ta’minlash darajasi 20-50 fozini tashkil etadi.70-yillarda energetik inqirozdan so‘ng, g‘arb davlatlari katta energiya tejamlash tadbirlarini amalga oshirish uchun, o‘z ichiga huquqiy va iqtisodiy qiziqtira oladigan energiya tejamlash dasturini yaratdilar va bunda ular yoqilg‘i (asosan neft va neft mahsulotlari) va energiya iqtisodiga zarur moliyaviy va mineral resurslarni kiritdilar.
Energiya tejash majmuasini amalga oshirish natijasida g‘arb davlatlari va AQSH iqtisodiyoti, neft va neft mahsulotlari bilan ustuvor va ishonchli ta’minlangani holda gullab yashnamoqda.
Jahon tajribasi hamda o‘zimizdagi imkoniyat, texnika-texnologiya kuchidan foydalangan holda energiya tejamkorlikka rioya qilish bugun davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bu borada qabul qilinayotgan qarorlar, farmon va farmoyishlar esa sohada yangi qadamlarni tashlashga, imtiyoz va imkoniyatlar tug‘dirib, qulayliklar yaratishga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2025-yilda energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish to‘g‘risida”gi qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili”da respublikamiz hududlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o‘rnatish, iste’molchilarni muqobil energiya resurslari iste’moliga o‘tkazish, energiya tejamkor va samarador texnologiyalarni joriy qilish dasturi ishlab chiqildi. Nafaqat aholi xonadonlarida, balki ijtimoiy soha obyektlari va davlat idoralarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarini o‘rnatish bo‘yicha amaliy sa’y-harakatlar boshlab yuborilgan. Bu boradagi targ‘ibot-tashviqot ishlari, qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarining afzalliklari borasida keng jamoatchilik orasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Fizik qonuniyatlarga tayanib aytadigan bo‘lsak, elektr energiyasi aylanma mexanik harakat evaziga magnit maydon hosil qilish orqali olinadi. Uni g‘amlash yoki saqlab qo‘yishning imkoni yo‘q. Elektr energiyasining harakat tezligi yorug‘lik tezligiga teng bo‘lib, ishlab chiqarilgan ondayoq iste’mol qilinadi. An’anaviy turda elektr energiyasi ishlab chiqarish esa ekologik barqarorlikka zid ko‘rsatkich. Shuning uchun mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalariga oid o‘nlab yirik investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ayni energiya resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish davr talabi. Buning uchun foydalanilmayotgan elektr jihozlari va yoritish uskunalarini tarmoqdan uzib qo‘yish orqali tejamkorlik sari birinchi qadamni tashlagan bo‘lamiz. Buni atrofdagilarga, oilada farzandlarimizga uqtira olsak, energiya tejamkorligi va samaradorligi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini o‘rnatgan bo‘lardik.
S.MURODOVA