Yurtimizda temir yo‘llarda yo‘lovchi va yuk tashish sifati jadal sur’atlarda rivojlanmoqda. Shu qatorda Boysun tumanida joylashgan Darband temir yo‘l masofa korxonasida ham katta yutuqlarga erishildi. Korxona ishchi-xodimlari korxona tasarrufidagi Oqrabot — Qumqo‘rg‘on — Quduqli bekatlari oralig‘ida 191,9 kilometr bosh yo‘llar, 65 kilometr bekat yo‘llar, 206 dona yo‘l o‘tkazgich, 490 dona suv va sel oqimlarini o‘tkazish uchun quvurlar, 34 dona ko‘prik, 40 dona temir yo‘l kesishmasi va boshqa temir yo‘l inshootlariga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
2025-yilda korxona hududidagi Oqrabot-Qumqo‘rg‘on va Qumqo‘rg‘on-Quduqli uchastkalarining temir yo‘l izida 2 kilometr o‘rta ta’mirlash, 2,5 kilometr ko‘tarma ta’mirlash, 7 kilometr yo‘lni tubdan ta’mirlash ishlari olib borildi. Bekatlarda 6 juft yo‘l o‘tkazgich bruslari almashtirildi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari A.Kamiljanovning tegishli farmoyishiga, asosan, joriy yilning 16-may kuni Boysun – Pulhokim temir yo‘l bekatlari oralig‘ida rejalashtirilgan yirik ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Xususan, 168 kilometr 5 pkdan 169 kilometr 2 pkgacha va 175 kilometr 1 pkdan 10 pkgacha oralig‘ida mavjud temir yo‘l izlarining egriligini og‘ir turdagi texnikalar yordamida loyihalarga muvofiq to‘g‘rilash ishlari amalga oshirildi. Ushbu texnik ishlarni amalga oshirishdan maqsad yuk va yo‘lovchi poyezdlarini ushbu, tog‘li uchastkadan xavfsiz va o‘z vaqtida o‘tishini ta’minlash, ushbu hududdagi temiryo‘l infratuzilmaning texnik holatini saqlash hamda xizmat qilish muddatini uzaytirishdan iboratdir. Mazkur texnologik ish jarayonini o‘z vaqtida tasdiqlab olingan rejaga muvofiq amalga oshirishda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Harakat xavfsizligi va mehnat muhofazasi nazorati departamenti boshlig‘i O.Qarshiyev va “Termiz MTU” filiali boshlig‘i F.Giyazovlar rahbarligida barcha xizmat rahbarlari, korxona boshliqlari, kasaba uyushma raislari hamda Uzel tarkibidagi barcha korxona va tashkilotlardan jalb etilgan ishchi-xodimlar ishtirokida muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Temir yo‘l transport kommunikatsiyasini yanada rivojlantirish va poyezdlar harakat xavfsizligini to‘liq ta’minlash maqsadida korxonaning har bir okolotkalarida joriy ta’mirlash ishlari izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Darband temir yo‘l masofa filiali tomonidan ham harakat xavfsizligini ta’minlash, yuklarni manzillarga bexavotir yetkazish, yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatishda ancha qulayliklarga erishildi. Hozirgi kunda korxona hududiga qarashli Oqrabot — Qumqo‘rg‘on va Qumqo‘rg‘on — Quduqli bekatlari yo‘nalishi bo‘yicha 40 ta temir yo‘l kesishmasi mavjud bo‘lib, 4 dona temir yo‘l kesishmalarining avtomobil qatnovi qismida beton qoplamalar almashtirildi va kesishmalar videokuzatuv kameralari bilan jihozlandi. 2025-yilning yanvar-may oyida kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida injener texnik xodimlar, yo‘l ustalari bilan birgalikda maktablarda, mahallalarda, fermer xo‘jaliklari hududlarida 1 531 nafar fuqaroga tushuntirish ishlari olib borildi. Ushbu samarali ishlar yo‘lovchi va yuk poyezdlarining o‘z manziliga bexavotir yetib borishi uchun bajarilmoqda.
K.Normamatov, Darband temir yo‘l masofa korxonasi rahbari
O.Kurbonazarov,
Transport nazorati inspeksiyasi temir yo‘l transportida nazorat Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘limi boshlig‘i