So‘z — qudrat. Dunyoga keldikmi, besamar yashab o‘tmasligimiz lozim. Har bir inson o‘z so‘zini aytib, yaxshi amallarni qilishi lozim. 1937-yilda Qashqadaryoning Qarshisida bir bola yig‘isi bilan olamni to‘ldirib dunyoga kelganida ham balki bilishmagandir, bu go‘dakning-da, o‘z aytar so‘zi bor edi! Kattalar hali uni yupatmasdanoq Mansur deb nom qo‘yishdi. Mansur – g‘olib, peshqadam bo‘lsin deyishdi. U ismiga mos bo‘ldi, san’at yo‘lini tanladi. Qancha azob-uqubatlarni, ochlig-u og‘ir zarbalarni, tanqid-u dushmanliklarni, tilyog‘lamalig-u xiyonatlarni yengdi, yashadi va ijoddan boshqasini o‘ylamadi. Bu inson katta va zarhal harflar bilan yozishga munosib Mansur Ravshanov edi. Mansur Ravshanovni bilgan-tanigan odamlarning hammasi uni san’at jonkuyari sifatida taniydi. Bunga misol Uning san’atdagi uzoq va mashaqqatli yo‘lidir. Mansur Ravshanov 1961-yilda Teatr va rassomchilik institutini tamomlab, Surxondaryo viloyat musiqali darama teatriga aktyor sifatida ishga keldi. Uning salohiyatini sezgan teatr badiiy rahbari Bohodir Jamolov Hamza Hakimzoda Niyoziyning “Boy ila xizmatchi” pessasini tutqazdi. Mansur aka shunday eslardi: “Bahodir aka “Ushbu asarni sahnalashtirasan, o‘zim yordam berib turaman”, — dedi. Bunday ishonch menga ijodiy faoliyatim yo‘lidagi keng imkoniyatlar eshigini ochib berdi, desam xato bo‘lmaydi. Men ham ularning maslahatlarini olgan holda, bildirilgan ishonchni oqlash maqsadida asar talqiniga jiddiy e’tibor qaratdim. Qahramonlarning ichki kechinmalarini ochib bera oladigan aktyor va aktrisalarga topshirib, Xolmat rolini o‘zim ijro etdim. Ijodiy jamoa bilan hamjihatlikda asar ustida to‘rt oydan oshiqroq mehnat qildik va shu yilning 25-dekabrda spektaklni tomoshabinlar hukmiga havola qildik. Spektakl tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otganini ularning tomosha so‘ngidagi olqishlaridan sezish mumkin edi. Ushbu spektaklimni ustozim rejissor Toshxo‘ja Xo‘jayev kelib ko‘rdilar va rejissurada oq yo‘l tiladilar”.
Bu tarixiy voqeaning Surxondaryo teatri tarixidagi o‘rni shunchalik ulkanki, keyingi 60 yillik faoliyat bir shaxsning shakllanish asri, desak xato bo‘lmaydi. Mansur aka juda nozik didli inson edilar. Har bir ijodkor shaxsiyatini qadrlaydigan, qarashlarini hurmat qiladigan, har doim yangicha bir fikr aytguvchi shaxs topib olsa, soatlab suhbat qilar, yonidan qo‘yib yubormaslikka intilardi. Bu xususiyatlarni ko‘rgan odam garchi, uning salobatidan boshida cho‘chib turgan bo‘lsa ham keyin oddiy suhbatdoshiga aylanardi-qolardi. Ustozning yana bir boshqalarga o‘xshamagan xususiyatlari bor edi: qarshisida turgan ijodkorning qarashlarini yanada rivojlantirish uchun murakkabroq yo‘llarga solib, sinab ko‘rardilar va kamchiliklari bo‘lsa, muloyimlik bilan tuzatib, qaysi yo‘l bilan yutuqqa erishish mumkinligi haqida ham jonkuydirar edilar. Hatto o‘sha ijodkorning imkoniyatlari haqida oylab o‘ylab yuradigan jihatlari bor edi.
1991-yil o‘rta maktabni tamomlab ish izlab Boysundan Termizga keldim. So‘rab-so‘rab teatrni topdim. Meni juda orasta kiyingan, sochlarini tepaga taragan, chap qo‘li bilan onda sonda sochini orqaga silab qo‘yadigan, hamma harakatlari o‘ziga yarashib turgan, ovozi ham, ko‘zlari ham jiddiy, qarashlari tik, kelbatli, yelkador bir kishiga tanishtirishdi. Ko‘rishdik. Tanishuvdan so‘ng, muddao aytildi, qarshi tomondan savollar berildi. Bisotimdagi hamma hunar — qo‘shiq, she’r, monologlarimni aytdim — o‘zimni ko‘rsatdim. Diqqat bilan eshitildi va mavzu adabiyotga ko‘chdi. Abulqosim Firdavsiy ijodiga kelganimizda Mansur aka mutlaqo boshqa insonga aylanib qoldilar. Ko‘rishganimizdagi jiddiylikdan asar ham qolmay, allaqanday shirinsuhbat pedagogning aurasiga tushdim-qoldim. Bu vaziyat “Rustam va Suhrob” dostoni o‘rtaga tushganidan boshlandi.
Mansur aka siyosiy va ijtimoiy hayotdan xabardor va har bir vaziyatga munosabati bor inson ekanlar. Savol shunday qo‘yildi: Qadimgi hayot, kurashlar madh etilgan “Rustam va Suhrob”ning hozirgi zamonga qanday ahamiyati bor? Suhbat asnosida u kishi Rustam, men Suhrob pozitsiyasida asarni tahliliga kirishib ketdik. Firdavsiyni shunchalik tahlil qiladigan ustozga endi duch kelgan edim. Ikkalamiz ancha vaqt muhokama qildik, tortishdik. Nihoyat, suhbatimiz oxiriga yetmasdan tugadi. Yana ozroq bo‘lsa ham gaplashay, derim ichimda, ammo ustozning vaqtlari ziq edi. Har holda men shunday tushundim. Xullas, “Keling ishga olaman”, dedilar. Taqdir taqozosi bilan o‘shanda ishga kelmadim, ammo nimagadir shu insonning suhbati yodimga tez-tez kelaverardi. Keyin bilsam, bu kishi Mansur Ravshanov ekan. Meni san’atga muhabbatimni oshirgan, “zaharlagan” Mansur Ravshanov! Haligacha o‘zimni tushunmayman, nimagadir bir umr Mansur akaning suhbatiga munosib bo‘lishga intildim. Keyinchalik insitutni tamomlab, qo‘limdan kelgancha, albatta, bir savol tug‘ilsa, uzoq tayyorgarlik ko‘rib, keyin Mansur aka bilan suhbatga kirishardim (Boshqa bunday suhbatdosh bo‘lmaganidan bo‘lsa kerak). Ochig‘i, Mansur aka menga nisbatan qattiqqo‘l edilar. Avvallari xafa bo‘lar edim. Keyinchalik, ancha ulg‘ayib tushundimki, bu to‘g‘ri yo‘l ekan.
Hayot qiziq-da, munosabatlarimiz buzilgan vaqtlar ham bo‘ldi, ammo san’at va adabiyot mavzusi bo‘lsa, Mansur aka bilan baribir yuzma-yuz bo‘laverardik va qizg‘in suhbat qirilaverardi. Ustozim Arsen Ismoilov doim aytadigan, “Donishmandlarning urgani un oshi, so‘kkani so‘k oshi” ekan! Bu bir maktab. Shakllanishimda, san’atda chalasavodlardek emas, balki sinchkovroq, talabchanroq, fidoyiroq bo‘lishga undagan ekan. Aytish joiz bo‘lsa, yana bir ulug‘lik — Mansur aka o‘sha yuqorida aytib o‘tganim suhbatda teatr san’atining adabiyot oldidagi vazifasini ham, ulug‘ mehnatligini ham uqtirib qo‘ygan ekanlar. Buni men keyinroq tushunibman…
Bunday xotiralar judayam ko‘p. Har biri bir voqelikka aylangan, ammo menga muallimning birinchi darsi hammasidan qadrliroq bo‘lgan. Hatto, meni teatr sahnasiga birinchi marotaba olib chiqqan ham Mansur Ravshanov ekan. 1995-yilda “Momo yer” spektaklida Jonpo‘lat epizodida chiqqanman…
Ustoz Rossiya teatr maktabining katta rejissorlari Anatoliy Efros va Andrey Popovlarning ta’limotididan bahramand bo‘lib, o‘zbek xalqi uchun, teatr san’ati uchun yuzga yaqin asarlar sahnalashtirdilar. Har bir yaratgan spektakllari o‘z yuki, salmog‘iga ega edi. Ayniqsa, “Boy ila xizmatchi”, “Alpomish”, “Makr va Muhabbat”, “Maysaraning ishi”, “Jononga bordim bir kecha”, “Alisher Navoiy”, “Parvona”, “Kelinlar qo‘zg‘oloni”, “Alpomishning qaytishi”, “Allomai zamon”, “O‘lding aziz bo‘lding”, “O‘lim halqasi”, “Ona”, “Qaysar chol” asarlari o‘zbek teatri oltin xazinasiga aylangan.
Mansur Ravshanov katta maktab egasi. Dunyo teatr rejissurasi maktablaridan voqif va ustalik bilan foydalana olgan, o‘z ijodiy maktabini yaratish baxtiga muyassar bo‘lib, oxir-oqibatda g‘olilar safida bo‘lganlardan. Ustoz o‘z so‘zini aytdi. Bearmon aytdi. Ustoz oramizdan ketdi, ammo jadal, shahdam, jur’at va ishonch bilan qadam bosishlari xotiramizda, qalbimizda mangu qoldi.
Hamza Xonov