Viloyatimizda turizm sohasi rivojlanib, zarur shart-sharoitlar yaratilmoqdaki, buning ortidan turistlar soni oshib, dunyo ahli Surxondaryoga oshiqmoqda.
Xo‘sh, rivojlanishning yuqori pog‘onalariga ko‘tarilgan davlatlarning odamlari sayr-u sayohatdan nima kutadi? Ularga zamonaviy sharoit, besh yulduzli mehmonxona kerak deb o‘ylaysizmi? Balki ular bizning turmush tarzimiz, qanday yashashimiz, taomlarimizga qiziqishar? Mehmonlar-ga sun’iy suv havzasidan ko‘ra shifobaxsh buloqlarimiz afzaldir. Tabiatni bor bo‘yicha ko‘rish, borliqni his etish, sharshara-yu osmonlarga tutash tog‘larimiz turistlar uchun yuqori energiya bag‘ishlar. Xorijlik mehmonlarni qo‘ya turaylik, o‘zimiz ham ishdan horiganda ana shunday sokinlik istaymiz, axir.
Shunday paytda esa mahalliy va xorijlik mehmonlar uchun munosib hordiq chiqarish, takrorlanmas taassurotlar taqdim etadigan taklifimiz borligi quvonarli. Biz o‘zimiz yashaydigan hududning go‘zalligini to‘la bilmasligimiz esa afsuslanarli holat.
Davlatimiz rahbari tomonidan turizm sohasini rivojlantirish va turizm qishloqlarini tashkil etish bo‘yicha qator vazifalar belgilab berilgani bu boradagi ishlarni jadallashtirishda dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir.
Ushbu topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida esa viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Sariosiyo tumaniga tashrif buyurib, “Nilu” mahallasining turizm salohiyati va uni turizm qishlog‘iga aylantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
“Nilu”ga borganlar yaxshi biladi, borma-ganlar esa hudud turizm qishlog‘iga aylangach, bir bora bo‘lsa-da mehmon bo‘lib, boshlangan tashabbusning nechog‘lik to‘g‘ri ekaniga amin bo‘lishi turgan gap.
Tog‘lar qo‘ynida ajib bir mahalla borligi, u yer xuddi butun bir dunyodan uzilgan-u sokinlikda odamlar umrguzaronlik qilayot-gandek. Salqin va bahavo kengliklarda sayr qilgan kishi ona yerni, yashillikni his etadi. Quyoshning tog‘lar orasidan mo‘ralab boqishi ham boshqa hududlarga xos bo‘lmagan jozibani beradiki, “Nilu”da bir bor bo‘lganning ko‘nglidan g‘uborlar ariydi, charchoqlar chiqib, kuch va energiyaga to‘ladi.
Mana shunday ajib mahallada bugun keng bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Mehmon uylari, sayyohlarni jalb etuvchi loyihalar hayotga ko‘chganki, bunday o‘zgarishlarni mahalla ahli kuzatib, qalban his etib turibdi. Shuningdek, mahallada joylashgan “Mullo Abdukarim Oxung” ziyoratgohining hozirgi holati, ziyoratchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar ham ko‘ngildagidek.
— Sariosiyo tumanidagi “Nilu” mahallasi, haqiqatan ham, o‘ziga xos hudud, — deydi viloyat hokimi o‘rinbosari Jo‘rabek To‘rayev. — Bu yerga kelganlar vohaning mingdan bir ajoyibotinigina ko‘rgandek bo‘ladi. Ishonchim komil, sayyohlar boshqa hech qayerda “Nilu”dagidek manzarani ko‘ra olmaydi. Ayniqsa, mahallada sohani rivojlantirish maqsadida e’tiborga molik ishlar amalga oshiriladi. Buni esa ushbu turizm qishlog‘iga kelganlargina o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, sharoitlardan bahramand bo‘lishlari mumkin.
Tanishuv davomida viloyat rahbari ushbu ziyoratgohni ham ko‘zdan kechirdi. Hududda amalga oshirilajak loyihalar va shart-sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Gap turizm sohasini rivojlantirish borasida ketar ekan, “Sangardak” mahallasining ham anchayin mashhurligini e’tirof etmaslikning iloji yo‘q. Tashrif bahonasida ushbu mahallaning turizm yo‘nalishidagi loyihalari — xususan, dor yo‘li, mehmonxona va savdo-servis obyektlari qurilishi holati ham o‘rganildi.
Ushbu tashabbuslar turizmni rivojlantirish, hudud iqtisodiyotini yuksaltirish va aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
“NILU” — TURIZMQISHLOG‘IGA AYLANADI
Date: