Tug‘ilib o‘sgan yurtingda yashash, unda yaratilgan imkoniyatlardan oqilona foydalana olish, ajdodlarga munosib avlod bo‘la olish-u iftixor tuyish — bundan ortiq vatanparvarlik, yurtsevarlig-u vatan taqdiriga daxldorlik bo‘lmasa kerak. Ulug‘ ma’rifatparvar bobolarimiz, shonli tariximizni o‘rganish esa har birimiz uchun burch va muhim vazifadir.
Shu o‘rinda Surxon zaminida ulg‘aygan borki, Termiziy bobolar haqida so‘ralganida aytarli javob bera olmasa, ko‘nglidan kechirgani xijillik bo‘ladi aniq.
Prezidentimiz tomonidan Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini nishonlash to‘g‘risidagi qaror imzolanganida esa ul zotning ulkan ilmiy merosini yanada chuqur o‘rganish, xalqaro anjumanlar o‘tkazish, asarlarini xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etish, ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, yosh avlodning ma’naviy-ruhiy olamini boyitish kabi vazifalar belgilab qo‘yilgan. Bu esa har birimizning Imom Termiziy bobomizni yanada yaxshiroq tanishga xizmat qiladi.
Shuningdek, qarorda buyuk olim hayoti va ilmiy merosining mohiyatini hamda bugungi kundagi ahamiyatini ochib beruvchi ilmiy-ommabop sahna asarini yaratish ham belgilangan. Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash jarayonida viloyat musiqali drama teatri san’atkorlari yozuvchi va dramaturg Shavkat Pardayev asari asosida, rejissyor Farhod Boltayev rejissyorligida “Imom Termiziy” spektakli sahnalashtirdi.
Teatr badiiy kengashining muhokamasidan muvaffaqiyatli o‘tgan spektaklning premyerasi bo‘lib o‘tdi. Asarda buyuk muhaddis olim ijodining yosh avlod ma’naviy-ruhiy olamini boyitishdagi ahamiyati, ularning qalbida milliy iftixor, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchay-tirishdagi o‘rni, hozirgi globallashuv jarayonlarida yosh avlodni islom diniga yot g‘oyalardan asrash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilgan.
— Bugungi premyera keng jamoatchilik uchun muhim ahamiyatga ega bo‘ldi, — deydi dramaturg T.Qobilov. — Ayniqsa, spektakl yoshlarimiz uchun foydali va manfaatli. Imom Termiziy bobomiz uchun yetarlicha taassurotga ega bo‘lish bilan birga, ul zotning shaxsiyati, ichki kechinmalari, ilm-ma’rifat yo‘lidagi xizmatlari haqida bilib olish mumkin. Asar mukammal ishlangan. Har bir sahna, har bir ijroga professional darajada yondashilganki, voqealar rivoji ta’sirchan. Muhimi, spektaklning tomosha qilib o‘tkazgan vaqtimizga sira achinmadik.
Premyeradan so‘ng, tomoshaga kelganlarning gulduros va so‘ngsiz olqishlari yangradi. Ularning yuz qiyofalarida esa spektakldan qoniqish hissi zohir. Albatta, ushbu sahna asari Imom Termiziy shaxsiyati va merosining tarixiy ahamiyatini yanada ochib berish, ma’naviy qadriyatlarni targ‘ib
etish va milliy madaniyatimizni boyitishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Termiziy sahnaga qaytdi
Date: