Iqtidorlilar “Ma’rifat maydoni”da

Date:

“Ma’rifat maydoni” shunday tanlovki, unda insonning xulqi, fazilatlari, iqtidori, adabiyotdan boxabarligi, badiiy salohiyati sinaladi. Bu maydonda o‘zi-yu o‘zligini namoyon etganlarga faqat va faqat havas qilish, ulardan ulgi olish, sahnada jonlanajak tarix va adabiyot silsilasiga guvoh bo‘lish mumkin. Bugun ma’naviyat va ma’rifat bobida ibrat bo‘la oladigan yoshlarimiz talaygina. Faqat ularning iqtidor va salohiyati to‘g‘ri yo‘naltirilsagina, maydon ularniki, kelajak va dunyo ularnikidir…
Viloyatda joylashgan oliy ta’lim muassasalarining iqtidorli yoshlaridan tarkib topgan jamoalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan “Ma’rifat maydoni” respublika ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichi ham tom ma’noda iste’dodlarni ko‘z-ko‘z etadigan sinov maydoni vazifasini o‘tadi.
— Tanlovning hududiy bosqichida viloyatimizdagi 6 ta oliy ta’lim muassasasining saralangan jamoalari qatori bizning “Matonat” jamoamiz ham munosib ishtirok etdi, — deydi Termiz iqtisodiyot va servis universiteti talabasi Manzura Xo‘jamberdiyeva. — Ishtirokchilar o‘z bilim va mahoratlarini namoyish etib, yuqori saviyadagi raqobat muhitini yarata oldilar. Jamoalarning avvalgi mavsumdan ko‘ra puxta-pishiq hozirlik ko‘rgani sezilib turdi.


Birinchi shartda jamoalar “Adiblar hayoti”, ya’ni atoqli adiblarning hayoti va ijodidan sahna ko‘rinishlari namoyish etishlari belgilangan bo‘lib, jamoalarning tanlov nizomi bilan tanish ekanligi yaqqol sezildi, ularning adiblar hayoti va ijodi bilan yaqindan tanisha olganligi sahnaviy asarlarda bo‘y ko‘rsatdi. Har bir chiqish e’tirofga loyiq. Yosh aktyorlar o‘z obrazlarini his etgan holda ijro etganlari uchun ishonarli, jonli chiqdi.
— Sahnaga chiqish mashaqqat va mas’uliyat talab etadi, — deydi talaba Maftuna Mirzayeva. — Hamma ham yurak yutib, rol ijro etish tugul, qoyillatib nutq so‘zlay olmasligi mumkin. Bugun o‘z rollarini ijro etayotgan tengdoshlarimni ko‘rib, ularning har biriga tasanno dedim. Asosiysi, har bir jamoa olib chiqqan mavzular bugun uchun muhim va dolzarb. Yoshlar hayoti uchun esa ahamiyatga ega. Biz yoshlar ushbu tanlovni tomosha qilib vaqtimizni mazmunli o‘tkazdik. San’atga, adabiyotga oshno bo‘ldik.
“Tezkor savol-javob” sharti esa ishtirokchilarning adabiyot bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazishga xizmat qildi. Bundan ko‘rinadiki, yoshlar nafaqat iste’dodli, balki bilimli va izlanuvchan ham. Chunki ularning javoblari aniq, lo‘nda va mulohazalarga boy bo‘ldi.
So‘nggi shartdagi adiblar ijodidan teatrlashtirilgan kompozitsiyalar ham e’tibordan chetda qolmadi. Tomoshabinlar bilan bir qatorda hakamlarning ham e’tirofiga, olqishlariga sazovor bo‘ldi. Bu esa har bir jamoaga, u g‘olib yoki mag‘lub bo‘ladimi, motivatsiya bag‘ishlagani aniq. Ana shunday ijodiy muhit hukmron bo‘lgan tanlovda raqobat ham odillik mezonlariga tayangan holda o‘tdi. Termiz davlat universiteti talabalari uchinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan bo‘lsa, Termiz davlat pedagogika instituti nomidan ishtirok etgan yoshlar jamoasi ikkinchi bo‘ldi. Termiz iqtisodiyot va servis universitetining iqtidorli yigit-qizlarining bilimi-yu chiqishlari esa yuqori baholanib, birinchi o‘ringa munosib ko‘rildi.
— Bizning jamoamizning tanlovda g‘olib bo‘lishi ham kutilgan, ham kutilmagan holat bo‘ldi, — deydi “Matonat” jamoasi a’zosi Shahro‘za Shodiyeva. — Jamoamiz bilan bedor holda o‘qigan kitoblarimiz, sahna asarlarida bir to‘xtamga kela olmay qiynalganlarimiz ortidan natija ham quvonarli bo‘ldi. Aslida, biz g‘olib bo‘lgan esak-da, hech bir jamoani yutqazdi deya olmayman, ular ham o‘z o‘rnida g‘olib.
“Ma’rifat maydoni” singari tanlovlarning doimiy tarzda o‘tkazilishi, iqtidorli yoshlarni kashf etish bilan birga ma’rifat maydonini kengaytirishga xizmat qiladi.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Mebeli bambukdan

Sho‘rchi tumanidagi “Best Faxr Mebel” korxonasi ishga tushdi. Korxonada...

G‘ALABAGA HALOL YO‘L BILAN

Qoraqolpog‘iston Respublikasining Nukus shahri kurash ishqibozlarini chorladi. Yuragida o‘ti,...

Futbol akademiyasi qurilmoqda

Futbolda yurtimizda yangi sahifa ochildi. Bu esa futbol ishqibozlarini...

G‘oliblar finalga chiqadi

Yoshlarning bilim va iqtidorini sinovdan o‘tkazish maqsadida tez-tez “Zakovat”...
KunTun
KunTun