Har bir kun, soat, daqiqa bejiz o‘tmasligi kerak. Ana shundagina tizimlarda o‘zgarish, yangilnish kuzatiladi. Shu jihatlarni inobatga olgan Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Denov tumaniga tashrif buyurib, Hazarbog‘ politexnikumida biriktirilgan oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda “dual ta’lim” tizimini samarali yo‘lga qo‘yish ishlari bilan tanishdi. Shu yerning o‘zida mas’ullar viloyatdagi 10 ta politexnikumda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish orqali budjetdan tashqari mablag‘ topish topshirig‘i ijrosi yuzasidan axborot berdi. Ishlarni jadallashtirish, qo‘shimcha manbalarni ishga solish yuzasidan vazifalar topshirildi.
Shundan so‘ng, “Lolazor” mahallasidagi 84-sonli maktabda sport zal qurilishi ko‘zdan kechirilib, viloyatdagi eng past ko‘rsatkichli 30 ta maktabda ta’lim sifatini yaxshilash, pedagogik ko‘mak ko‘rsatish borasida biriktirilgan oliy ta’lim muassasalari hamda Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining axborotlari tinglandi.
Keyingi manzilda “Sanoatchilik” mahallasida onlayn formatda viloyatdagi 724 ta mahallaning yer maydoni mavjud bo‘lgan xonadonlarida 10 tupdan xurmo, limon, anjir kabi mevali daraxt ko‘chatlarini ekish bo‘yicha katta hashar tadbirlariga start berildi. Hashar doirasida barcha mahallada ko‘chat ekish ishlarini 10 kun muddatda yakunlash vazifasi belgilandi.
Viloyat rahbari tumanga tashrifi davomida Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida 400 o‘rinli talabalar turar joyi qurilishiga start berdi hamda karera markazi ochilishida ishtirok etdi. Markazda kasb-hunar hamda ingliz, nemis, yapon, koreys, xitoy, turk va rus tillarini o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, yashil mahallaga aylantirilayotgan “Quyoshli yurt” mahallasida xonadonlarda geokollektor va quyosh panellari o‘rnatish hamda daraxt ko‘chatlari ekish tadbirlari bilan ham tanishildi.
Date: