Tabib

Date:

Bir podshoh shunday bir dardga uchrabdiki, uni ko‘p tabiblar tuzata olmabdi. Saroy amaldorlari podshohga: Sizni mashhur tabiblarning barchasi ko‘rdi. Shu kunlarda shahrimizga musofir tabib kelganmish, uni taklif qilsak, — deyishibdi. Podshoh rozi bo‘libdi. Tabib podshoh huzuriga kirib, uni sinchiklab ko‘rib debdi:

— Podshohim, sizning kasalingiz asosan ko‘zingizda.

— Yo‘q, ko‘zim juda yaxshi ko‘radi, undan shikoyatim yo‘q. Dardim ichimda, dilim hamisha qorong‘u, hech narsa yoqmaydi, diqqatim oshadi, yaxshi uxlolmayman. Hamma gapingiz to‘g‘ri, lekin muolajani ko‘zdan boshlash lozim.

— Siz qanaqa tabibsiz, axir ko‘zim soppa-sog‘ku?! Unda ijozat bering, ketay. Podshoh o‘ylanib turib, davolanishga rozi bo‘libdi.

Tabibning so‘ziga binoan podshoh o‘zining bir guruh yaqin kishilari bilan safarga chiqib, tunda shahardan ancha uzoq bir vodiyga yetib kelibdi. Bu yerda podshoh shunday qattiq uxlabdiki, uni ikkinchi kuni tongda zo‘rg‘a uyg‘otishibdi. U o‘rnidan turib, atrofga qarasa, tog‘ bag‘rida azim daryo suvi quyosh nurida jilo berib oqayapti. Atrof ko‘m-ko‘k maysazor, ko‘zni qamashtiradigan gullar, sarviqomat daraxtlar bilan qoplangan, bulbullar sayrayotgan emish. Podshoh bunday manzaradan lol bo‘lib, shaxt bilan o‘rnidan turibdi-da, xuddi yosh bolaga o‘xshab, u yoqdan bu yoqqa chopibdi. Ko‘kragini to‘ldirib nafas olibdi. Har nafas chiqarganida, og‘zidan noxush havo otilib chiqib ketgandek bo‘libdi. Ruhi yengillashib, yuragida shodlik tuyg‘ulari uyg‘ona boshlabdi. Bir hafta deganda o‘ziga kelib, tabibdan so‘rabdi:

Dori-darmonsiz qanday qilib tuzaldim, bu yerda nima sir bor?

Tabib javob qilibdi: Podshohim, bunda hech qanday sir yo‘q. Sizni ko‘rishdan oldin bir necha kun turmush tarzingizni o‘rgandim. Ma’lum bo‘lishicha, Siz uzoq vaqt mobaynida saltanat ishlari, harbiy yurishlarning tepasida turgansiz. Ko‘pincha, saroydan chiqmay yashagansiz. Bu sharoit dilingizni xiralashtirib, jig‘ibiyronlik tuyg‘ularini qo‘zg‘atgan. Bunday turmush tarzini surunkasiga ko‘ravergan ko‘zlaringiz toliqib, a’zoyi badaningizni rohatlantirishga va quvontirishga ojizlik qilgan. Tabiblar bunday ko‘zlarni, garchand ular ko‘rsalar-da, xasta hisoblaydilar. Shuning uchun men dardingiz ko‘zingizda deb aytlim. Bu kasalni tuzatishda sayohatga chiqish o‘ta foydalidir. Shu boisdan Sizni bu yerga olib keldim. Tabiiy manzaralarga, xususan, azim daryolarga, tog‘ cho‘qqilariga, bepoyon vodiydagi turfa gullarga va ko‘mko‘k maysalarga, ulkan chinorlar-u qayrag‘ochlarga mayinlik bilan boqish ko‘zni oziqlantiradi va dilni ravshanlantiradi. Bemor kishi o‘zida ishonch va umidni his etadi.

Ana endi dardingiz chekindi. Ko‘zingiz quvnab, dilingiz yozildi. Endi saltanat ishini davom ettiraverishingiz mumkin. Podshoh xursand bo‘lib, tabibga sovg‘a beribdi.

— Siz bu muolajani, ya’ni sayr-u sayohatga chiqishni sira kanda qilmang. Vaqti-vaqti bilan sayrga chiqing, — debdi tabib.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Loyihalar qog‘ozdan hayotga ko‘chmoqda

Bugun shahrimiz tobora chiroy ochib, yangidan yangi binolar qad...

Ekologik barqarorlikni ta’minlab

Ayni qish faslida ham bahor nafasi ufurib turgan kunlarda...

Ayrim tashkilotlarning ishtiroki cheklandi

Oliy Majlis Senati Kengashining 2025-yil 13-yanvardagi KQ-V-34-sonli qaroriga asosan...

Ijtimoiy va iqtisodiy holat yaxshilanmoqda

Hududlarda og‘ir ijtimoiy holatga tushgan va tushish xavfi bo‘lgan...
KunTun
KunTun