Bola dunyoga kelgandan uni sog‘ligi, to‘g‘ri ovqatlanishi juda muhim. Shuningdek, ularni tashqi dunyo bilan tanishtirib, tushunchalarini oshirishga harakat qilamiz. Maktabgacha va maktab tashkilotlarida esa bilim va dunyoqarashlari o‘sib boraveradi. Sog‘lom va baquvvat, bilimdon va ziyrak yoshlar kelajagimizning kafolatidir. Shunday ekan, ta’lim va tibbiyot sohasiga jiddiy e’tibor qaratish har doim ham muhim ahamiyat kasb etgan.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ham hududlarga tashrifini Sho‘rchi tumanida davom ettirdi va ayni jihatlarga e’tibor qaratdi. Tumandagi “Xayrobod” mahallasida joylashgan 29-sonli davlat maktabgacha ta’limi tashkilotida avvalgi tashriflarda berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishdi. Bog‘chada yaratilgan sharoitlar, bolalarni sog‘lom ovqatlantirish uchun oshxonaning jihozlanishi hamda zarur jihozlar bilan ta’minlanishi ko‘zdan kechirildi.
Shundan so‘ng, tumanning markaziy ko‘chasi bo‘ylab yurilib, obodonlashtirish ishlari ko‘zdan kechirildi. Ko‘chalar tozalanmaganligi, savdo nuqtalari piyodalar yo‘laklariga chiqib ketganligi tanqid qilinib, hududni tartibga olish, aholi uchun qulayliklar yaratish hamda obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish vazifalari belgilab berildi. Shuningdek, tuman markaziy poliklinikasi faoliyati bilan tanishilib, farzandlarini emlashga olib kelgan ota-onalar uchun kutish joylarida yetarli sharoitlar yaratilmaganligiga e’tirozlar bildirildi hamda tuman tibbiyot birlashmasi uchun yangi shifoxona qurilishini jadallashtirish lozimligi ta’kidlandi.
Tashrif yakunida maktabgacha va maktab ta’limi mutasaddilari, direktorlar bilan ta’lim-tarbiya jarayonlarini sifatli tashkil etish, bu borada ilg‘or tajribalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Date: